Buyuk Britaniya tarixida ilk bor etnik hind Bosh vazir bo‘ldi
Olam
−
24 Oktabr 2022
16516Buyuk Britaniya sobiq Moliya vaziri Rishi Sunak hukmron Konservativ partiya yetakchiligini qo‘lga kiritdi va Bosh vazir bo‘ladi. Bu haqda bugun, 24 oktyabr kuni partiya rahbarini saylash tartibini belgilovchi parlamentning 1922 yil qo‘mitasiga raislik qiluvchi Grem Bredi ma’lum qildi.
“Biz talablarga munosib bitta nomzodni tanladik. Shunday qilib, Rishi Sunak Konservativ partiya yetakchisi etib saylandi”, deydi Bredi.
Sunakning partiyalararo kurashda g‘alaba qozongani Britaniya parlamenti Jamoatchilik palatasi rahbari Penni Mordont bugun Konservativ partiya yetakchisi va Buyuk Britaniya Bosh vaziri lavozimlari uchun kurashni yakunlayotganini e’lon qilganidan keyin ma’lum bo‘ldi. Bu haqda 49 yoshli siyosatchi Twitter’da ma’lum qildi.
“Biz navbatdagi Bosh vazirni sayladik. Bu tarixiy qaror bo‘lib, partiyamizda qanchadan-qancha turli kasb egalari borligini yana bir bor ko‘rsatadi”, deb yozadi Mordont.
Shu tariqa, qolgan yagona nomzod, 42 yoshli sobiq Moliya vaziri Rishi Sunak avtomatik tarzda qisqa saylov kampaniyasi g‘olibi deb e’lon qilindi. Konservatorlar hokimiyatda ekan, u yaqin kunlarda, ehtimol ertaga, 25 oktyabr kuni hukumatni egallab oladi va Britaniya tarixidagi birinchi etnik hind Bosh vaziriga aylanadi.
Ma’lumot uchun, Sunak joriy yilning 20 oktyabr kuni Buyuk Britaniya Bosh vaziri lavozimini tark etgan Liz Trass o‘rnini egallamoqda.
LiveBarchasi