Butun dunyoda oziq-ovqat narxi oshdi. Sabab nima?
Olam
−
21 iyul 5595 2 daqiqa
Global iqlim o‘zgarishi oqibatida yuzaga kelgan ekstremal ob-havo sharoiti butun dunyo bo‘ylab oziq-ovqat narxlarining oshishiga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda “The Financial Times” Barselona Superkompyuter markazi tadqiqotiga tayanib xabar berdi.
Mutaxassislar ilgari ham shunga o‘xshash tahlillarni o‘tkazgan, ammo ular hosildorlikni pasaytiradigan va ta’minotni qisqartiradigan yuqori haroratlar uzoq muddatda oziq-ovqat narxining umumiy oshishiga qanday hissa qo‘shishini ko‘rib chiqdi. Yangi tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, alohida oziq-ovqat mahsulotlarining narxlarida ham qisqa muddatli o‘sishlar bo‘lishi mumkin, bu esa o‘z navbatida inflyatsiyaga olib keladi.
Tadqiqot o‘nlab ekstremal iqlim hodisalarini narxlarning bunday keskin ko‘tarilishi bilan bevosita bog‘laydi va oziq-ovqat tizimlarining atrof-muhit ta’siriga tobora kuchayib borayotgan zaifligini ko‘rsatadi.
Masalan, o‘tgan yili Yevropada zaytun moyi narxi Ispaniya janubida 2022 va 2023 yillarda uzoq davom etgan qurg‘oqchilikdan so‘ng 50 foizga ko‘tarildi. Hindistonda 2024 yilning may oyidagi haddan tashqari issiqlik tufayli piyoz narxi 89 foizga, Koreyada esa yozgi rekord jaziramadan keyin karam narxi 70 foizga ko‘tarildi.
Yaponiyada guruch narxi avgust oyida mintaqada kuzatilgan jazirama to‘lqinidan so‘ng sentyabr oyida 48 foizga oshdi. Xitoyda xuddi shu sabab bilan sabzavot narxi 30 foizga oshgan. Kaliforniyada Arizona sabzavotlari qurg‘oqchilikdan keyin 2022 yilning noyabr oyida 80 foizga qimmatlashdi.
Tadqiqotning yetakchi muallifi Maksimilian Kots sanab o‘tilgan ob-havo hodisalarining aksariyati “tarixiy nuqtai nazardan misli ko‘rilmagan” ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, iqlim barqaror bo‘lgan va antropogen chiqindilar ta’siriga uchramaganida harorat mutaxassislar kutgan diapazondan ancha yuqori bo‘lgan.
Bundan tashqari, tahlilchilar oziq-ovqat narxlarining keskin o‘sishi savdo orqali ma’lum mintaqalardan dunyoning qolgan qismiga tarqalmoqda, degan xulosaga kelgan. Misol uchun, Gana va Kot-dʼIvuarda qurg‘oqchilik va haddan tashqari issiqlik tufayli kakao narxi uch barobarga oshganidan so‘ng, Buyuk Britaniyada shokolad narxi keskin ko‘tarildi.
“Inflyatsiyaning asosiy omili oziq-ovqat narxlarining oshishi hisoblanadi”, deydi tadqiqot mualliflari.
Shunday qilib, ekspertlarga ko‘ra, g‘ayritabiiy yuqori haroratlar dunyodagi umumiy inflyatsiya darajasiga bevosita ta’sir qiladi.
“Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, oziq-ovqat narxlari odatda ekstremal ob-havo hodisasidan keyin bir necha oy ichida ko‘tariladi, bu tendensiya iqlim o‘zgarishi kuchaygan sari tez-tez uchraydi”, deydi ekspertlar.