“Butun dunyo bizni aldadi”. AQSH Trampning kimsasiz orollarga solgan bojlarini izohladi
Olam
−
07 aprel
6778AQSH Savdo vaziri Govard Lutnik Prezident Donald Trampning odamlar yashamaydigan, faqat pingvinlar yashaydigan orollarga solingan bojlarni nima uchun kiritganini tushuntirdi. Bu haqda u CBS News telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Lutnik Tramp joriy qilgan bojlarni qo‘llab, bu siyosat AQSH zavodlarini himoya qilishga va Amerika Qo‘shma Shtatlarining kuchini tiklashga yordam berishini aytdi. AQSH Savdo vaziri, shuningdek, boshqa davlatlar ularni yillar davomida aldaganini ta’kidlab, Prezident Tramp bundan keyin bunga chidab turmasligini bildirgan.
“Bu AQSH o‘z zimmasiga olgan palla va Donald Tramp bu haqda butun hayoti davomida gapirdi. Bu Donald Trampning kun tartibi va biz hammamiz shu yerda uni amalga oshirishda yordam berish uchun yig‘ildik”, dedi Lutnik.
Shuningdek, intervyuda Lutnik Tramp tomonidan joriy etilgan o‘zaro bojlar ro‘yxatiga odam yashamaydigan Xerd va MakDonald orollari kiritilganini izohlab, boshqa mamlakatlar mazkur hududlardan bojlarni chetlab o‘tish uchun foydalanmasligi zarurligini aytgan. Lutnikning so‘zlariga ko‘ra, Tramp administratsiyasi hech qanday mamlakatni ro‘yxatdan chiqarib tashlay olmaydi, chunki boshqa mamlakatlar ushbu hududni bojlarni chetlab o‘tish uchun ishlatishlari mumkin.
“Tramp aytdi: Mana, men dunyoning biron bir qismi Xitoy yoki boshqa davlatlar uchun yuk tashish joyiga aylanishiga ruxsat bera olmayman. Shunday qilib, u bu bema’ni bo‘shliqlarni yo‘q qildi”, dedi Lutnik.
Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp 2 aprel kuni import mahsulotlariga yangi bojlar joriy etgandi. Asosiy stavka butun import qilinadigan mahsulotlarga nisbatan 10 foizni tashkil etadi, ammo ayrim davlatlar uchun bu tariflar ancha yuqori belgilangan. Masalan, Xitoy uchun 34%, Vetnam uchun 46%, Yevropa Ittifoqi davlatlari uchun 20%. Rossiya va Belarusga nisbatan bojlar joriy etilmagan.
Qiziq tomoni shundaki, Donald Tramp hatto hech kim yashamaydigan Xerd va MakDonald orollariga ham 10 foizlik boj qo‘ydi. Ushbu orollarning aholisi 0 kishi, biroq u yerda pingvinlarning ulkan populyatsiyasi joylashgan. Dunyodagi eng olis quruqlik joylashgan hudud Hind okeanining janubiy qismida bo‘lib, Xerd va MakDonald orollaridan iborat. Ular Avstraliyaning tashqi hududlari hisoblanadi.
LiveBarchasi
Trenddagilar

