Bo‘rijarda cho‘kib, halok bo‘lgan fuqaroning oilasiga moddiy yordam berildi
Jamiyat
−
03 iyun 2025 11628 1 daqiqa
Joriy yilning 5 may kuni Toshkentning Bo‘rijar kanaliga tushib ketgan ikki qizni qutqarish maqsadida kanalga tushib, halok bo‘lgan 43 yoshli Abdumannop Samiqovning turmush o‘rtog‘iga 50 million so‘m hamda qizaloqlarni qutqarishda jonbozlik ko‘rsatgan “Bo‘rijar” sport majmuasi ishchisi Nurmuhammad Mamasaliyevga 25 million miqdorida moddiy yordam topshirildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, poytaxt hokimligi binosida Prezident Shavkat Mirziyoyevning bugun, 3 iyundagi farmoniga asosan marhum Abdumannop Samiqov hamda fuqaro Nurmuhammad Mamasaliyevga “Jasorat” medalini topshirish marosimi o‘tkazilgan. Unda shahar hokimi Shavkat Umurzoqov, Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari Sanjar Zufarov, deputatlar, OAV vakillari, mukofot sohiblarining yaqinlari ishtirok etgan.
Tadbir doirasida marhumning turmush o‘rtog‘iga 50 million so‘m, fuqaro Mamasoliyevga esa 25 million so‘m miqdorida moddiy yordam pullari topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Bo‘rijarda cho‘kayotgan qizchalarni qutqarib, o‘zi halok bo‘lgan fuqaroni mukofotlash to‘g‘risida farmonga imzo chekkandi.