Bunga yo‘l qo‘ymaymiz! – IIV TikTokerlarning ota-onalarini jiddiy ogohlantirdi

Jamiyat

image

Oxirgi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarning TikTok platformasida fuqarolarning, ayniqsa yoshlarning o‘zlariga e’tibor jalb qilish maqsadida, turli masxaranomuz, odob-ahloq qoidalariga zid harakatlari tasvirlangan videolari ko‘plab kuzatilmoqda. Shu sababdan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi TikTokerlarning ota-onalarini jiddiy ogohlantirdi.

“Hurmatli ota-onalar, farzandlaringizning tarbiyasiz va odobsiz qiliqlariga ko‘z yumsangiz, biz bunday axloqsizlikka yo‘l qo‘ymaymiz.

Esingizda bo‘lsin, farzandingizga ham buni uqtiring, fuqarolarning osoyishtaligini hamda jamiyatda yurish turish qoidalarini buzish – mayda bezorilik hisoblanadi va 15 sutkagacha qamoq bilan jazolanadi.
Ogohlantiramiz! Farzandlaringizni nazorat qiling, yoshligidan taltaytirib, keyin afsuslanib yurmang”, deyiladi IIV axborotida.

Haqiqatan ham TikTok dardida qonunbuzilishi holatlarini sodir etayotganlar kam emas. Xususan, avvalroq Andijonda fuqaro TikTok’da mashhur bo‘lish uchun poyezd tagiga yotib olgandi. U bunday xatti-harakatni TikTok’da mashhur bo‘lish, ko‘proq layk yig‘ish uchun joylagan.

Andijon shahridagi “Xotira” xiyobonida qilgan mayda bezoriliklari bilan tanilib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgan “TikTok’chilar” ishi ma’muriy sudga oshirilgandi.

Shuningdek, Guliston shahar markazidagi chorrahalardan birida yo‘l harakati qoidalarini chetlab o‘tib, avtomobillar harakatiga halaqit berib TikTok uchun yo‘l o‘rtasida raqsga tushgan TikTokerlar jazolangandi.

Farg‘onada ham sinf xonasida o‘qituvchisining oldida pirotexnika vositasini portlatganini videoga olib, uni TikTok’ga joylagan o‘quvchilar bir yil muddatga tuman IIBda profilaktik ishlari olib borish uchun ro‘yxatga olingandi.

“Layk” yig‘ish dardida turli qrnunbuzilishi holatlariga qo‘l urayotgan TikTokerlarni qo‘llab-quvvatlayotgan davlat amaldorlari ham yo‘q emas. Xususan, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev TikTokerlarnini cheklash emas, ularga imkoniyat berish kerakligini aytgandi

“TikTok ham ijtimoiy tarmoqlar, internet olamining bir qismiga aylanib ulgurdi. Ularni cheklash emas, balki to‘g‘ri yo‘lga solishimiz kerak. O‘zbekiston – demokratik davlat. Bizga cheklash yarashmaydi. Ularni to‘g‘ri yo‘lga solsak, bugun arzimasdek ko‘ringan o‘sha yoshlar ertaga kerakli insonga aylanadi”, degandi hokim.

Shuningdek, “Tashkent city”da joylashgan Congress Hall majmuasida, “Toshkent yoshlar forumi – 2020”ning tantanali ochilish marosimida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning ham TikTok ijtimoiy tarmog‘ida sahifasi bor ekani ma’lum bo‘lgandi.

Shundan so‘ng, barcha TikTok ijtimoiy tarmog‘ida ommalashgan musiqaga raqsga tushgandi. Shu jumladan, shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev hamda Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev ham TikTok trendiga raqsga tushgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

231

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing