“Bunyodkor”ning sobiq sport direktori PFL rahbari bo‘ldi

Sport

image

Avvalroq, O‘zbekiston Professional futbol ligasiga 2017 yilning 10 oktyabridan buyon rahbarlik qilib kelayotgan Omon G‘ofurov boshqa ishga o‘tayotganligi munosabati bilan ishdan bo‘shash haqida ariza yozgani haqida xabar bergan edik.

Bugun, 17 iyun kuni O‘zbekiston Professional futbol ligasida navbatdan tashqari yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasidan Ravshan Ermatov, Avaz Maksumov, Shoakram Isroilov hamda O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirligidan Oybek Kasimov ishtirok etdi.

Yig‘ilishda bosh direktor sifatida faoliyat yuritib kelgan Omon G‘ofurovning tashkilot rahbarligidan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozganidan so‘ng Professional futbol ligasiga yangi rahbar tayinlash masalasi ko‘rildi.

O‘zPFL Ustaviga ko‘ra, O‘zPFL Ijroiya qo‘mitasi a’zolari tashkilot bosh direktorini tasdiqlashi lozim. Shundan kelib chiqib, O‘zPFL bosh direktori lavozimiga futbol sohasida uzoq yillar mobaynida faoliyat olib borib tajriba to‘plagan Davron G‘ayratovich Shoqurbonov nomzodi tavsiya etildi.

Yig‘ilishda ishtirok etgan O‘FA vitse-prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi Ravshan Ermatov Professional futbol ligasining milliy futboldagi eng muhim bo‘g‘inlardan biri ekanini ta’kidlab, O‘zPFLning oldingi rahbariyatiga minnatdorchilik bildirdi va ushbu mas’uliyatli davrda ish boshlayotgan yangi rahbarga omad tiladi. O‘zPFL Ijroiya qo‘mitasi qaroriga qadar Davron Shakurbanov O‘zPFL bosh direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi. 

Davron Shoqurbonov 1972 yil tavallud topgan. Ma’lumoti – oliy.  Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan. Turli yillarda Toshkent shahar futbol federatsiyasida mas’ul kotib, shuningdek, “Bunyodkor” klubida texnik va sport direktori lavozimlarida faoliyat olib borgan.


Maqola muallifi

Teglar

PFL Omon G'ofurov

Baholaganlar

22

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing