“Bunyodkor”ga Rivaldo oldidagi qarzni to‘lash uchun muddat berildi
Sport
−
14 may 3747 2 daqiqa
Toshkentning “Bunyodkor” klubiga jamoaning sobiq futbolchisi Rivaldo Ferreyraga to‘lanishi kerak bo‘lgan qarzni to‘lash uchun muddat berildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Avvalroq, “Bunyodkor” futbol klubi hamda uning sobiq futbolchisi Rivaldo Ferreyra (2008-10 yillarda) o‘rtasidagi nizo Lozannadagi Sport arbitraj sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, 2023 yil 6 noyabr kuni hal qiluv qarori chiqarilgan edi. Unga ko‘ra, “Bunyodkor” futbol klubiga mazkur sobiq futbolchisi oldidagi qarzdorlikni to‘lab berish bo‘yicha majburiyat yuklangan.
“O‘zbekneftgaz” AJning o‘sha davrdagi rahbariyati topshirig‘iga binoan 2024 yil 30 mart kuni “Bunyodkor” futbol klubi tomonidan ushbu futbolchi bilan qarz majburiyatlari miqdorini kamaytirish, uni bo‘lib-bo‘lib to‘lash muddatlari bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Mazkur kelishuvga muvofiq, qarzdorlik o‘z vaqtida to‘lanmagan taqdirda “Bunyodkor”ga katta miqdordagi qo‘shimcha moliyaviy majburiyatlar vujudga kelishi qayd etilgan.
“O‘tgan ikki yil davomida “O‘zbekneftgaz” AJning moliyaviy ko‘magi bilan Rivaldo Ferreyra oldidagi qarzdorliklar o‘z vaqtida bartaraf etib kelindi. Joriy yil uchun Rivaldo oldidagi qarzdorlik bo‘yicha to‘lovlar 2026 yil 15 aprelga qadar amalga oshirilishi lozim edi. Biroq unga joriy yil uchun belgilangan to‘lovlar futbol klubidagi moliyaviy qiyinchiliklar tufayli hozirgi kunga qadar amalga oshirilmasdan kelinmoqda”, deyiladi klub rasmiy bayonotida.
Joriy yilning 6 may kuni mazkur futbolchining qonuniy vakillari tomonidan “Bunyodkor” futbol klubiga rasmiy ogohlantirish xati yuborilgan. Unga ko‘ra, 48 soat ichida belgilangan qarzdorlikni bartaraf etish so‘ralgan bo‘lib, agar qarzdorlik ushbu muddatda bartaraf etilmasa, o‘zaro kelishuvlarda belgilangan qarzdorlik bo‘yicha chegirmalar bekor bo‘lishi, qarzdorlik kechiktirilgani uchun kompensatsiya va boshqa to‘lovlar undirish yuzasidan FIFA’ga murojaat qilinishi bayon etilgan.
“Yuqoridagi qayd etilgan holatlar bo‘yicha 2026 yil 7 may kuni 01/228-sonli xat bilan “O‘zbekneftgaz” AJ hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyatlariga ma’lum qilindi. Shundan so‘ng, joriy yilning 14 may kuni mazkur futbolchi ishi bo‘yicha FIFA tomonidan “Bunyodkor” futbol klubiga rasmiy ogohlantirish va jarima qo‘llash borasida xat yuborildi. Unga ko‘ra, 30 kun ichida Rivaldo Ferreyra oldidagi belgilangan qarzdorlikni bartaraf etish so‘ralgan bo‘lib, agar qarzdorlik ushbu muddatda bartaraf etilmasa, FIFA tomonidan klubga nisbatan transfer taqiqi qo‘llanilishi bayon etilgan”, deyiladi bayonotda.
Ma’lumot uchun, Rivaldo “Bunyodkor”da 2008–2010 yillarda o‘ynagan. Taxminlarga ko‘ra, uning “qaldirg‘ochlar” bilan tuzilgan shartnomasi bo‘yicha yillik maoshi 5-6 mln yevro atrofida bo‘lgan.
Live
Barchasi