Bundan chiqdi, hammasiga DSQ aybdormi? “UZAVTOSANOAT” vakili soliq yukini ro‘kach qildi

Jamiyat

image

 
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qodir Jo‘rayev “UzAuto Motors” imi-jimida narxlar oshirib qo‘yganini tanqid qilib, kompaniya rahbarlariga yuzlandi.  

“Bu jadval tuzilib, imi-jimida e’lon qilindi. Bu nima degan gap? Na qaror bor, na tegishli hujjat bor? Nimadandir qo‘rqqandek, ilib qo‘yilyapti saytga. Oldinlari tashkilotlar tushuntirishlar bergan. Yaponiyadagi bitta muzqaymoq ishlab chiqaradigan kompaniya 25 yil bitta narxni ushlab turgan ekan. Oxiri 9 sentga oshirgani bo‘lsa ham, butun yapon xalqidan jamoasi kechirim so‘radi. Bular esa jadvalni ilib qo‘yyapti”, deya rasmiylarga yuzlandi deputat Qodir Jo‘rayev. 

Deputatning savoliga “UZAVTOSANOAT” AK Savdoni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Mirsamukov javob berdi.   

“Biz bu muloqot bo‘lishini bilardik. Biz xalqimizga ham, deputatlarga ham tushuntirib o‘tmoqchi edik. Bilasiz, oxirgi ikki yilda narxlar mo‘tadilligini ushlab turishga harakat qilganmiz. “UZAVTOSANOAT” raisi Shavkat Bo‘ronovich ham bunga qattiq kirishgan edi. Narxni oshirmaslik uchun katta ishlar qilganmiz. 

Birinchi navbatda, lokal darajada ishlab chiqarishni oshirish nazarda tutilgan. Bundan tashqari, import va ichki xarajatlarni kamaytirish uchun katta ishlar amalga oshirilgan. Aytish mumkinki, oxirgi ikki yilda bularning ta’siri tannarxni 6-7 foiz kamayishiga olib kelgan. 

Afsuski, ishlab chiqarilgan mashinalarimizda tashqi bozordan kiradigan komponentlarimiz bor. Buni hammamiz bilamiz. Ayrimlarida 60-70 foizdan oshgan. Valyuta kursi o‘zgarishi hisobiga, devalvatsiyani hisobiga har yili o‘rtacha 15-16 foiz so‘mda tannarxga ta’siri bor. Bizning harakatlardan tashqari har yili 10 foiz zararga tannarx oshishga sabab bo‘lgan”, deydi mas’ul shaxs. 

Shuhrat Mirsamukov shuningdek, aholiga berilgan aksiyalar va o‘tgan yildan boshlab soliqlar “minilgani” haqida yozg‘irdi. 

“Strategiyamiz asosida harakat qildik. Birinchi navbatda, aholiga aksiyalar orqali sotish va yetkazib berish. Ya’ni, qisman pulini to‘lab, qolganini keyingi yilga to‘lash bilan qulayliklar berildi. Aholiga 1,5 trilliondan ortiq chegirmalar berildi. 27 mingta avtomobilni aholiga yetkazib berdik. Shuningdek, talab yuqori bo‘lgani bois avtomobillarni sonini oshirishga muvaffaq bo‘ldik. Xorazmda Damas avtomobilini ishlab chiqarish quvvati yiliga 40 mingta edi. Biz uni 60 mingtaga yetkazdik. O‘tgan yilda rekord darajada savdolar bo‘ldi. 261 mingta avtomobil ishlab chiqardik. Maksimal darajada ham buni yarmini ishlab chiqarganmiz.

Bilasiz, avtomobil sanoatida ham o‘tgan yildan boshlab soliqlar to‘lanishi boshladi. Foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i, 15 foizlik QQS to‘lashni boshladik. QQS bu tannarxga emas, umuman mahsulotga yotqiziladigan soliqdir. Bularni to‘laganda ham narxni oshirmaslikka harakat qildik. Lekin, 15 foiz juda katta og‘irlikdir. 

Bu qilingan ishlarni ko‘rib, jamoaga tanqid emas taklif berilsa, bizga dalda bo‘lardi. Nega deganda, o‘zgarishlarning hammasi so‘ngi ikki yilda ko‘rinib turibdi. Biz eng asosiysi muloqotga tayyormiz. Oldin bo‘lsa oldin, keyin bo‘lsa keyin”, deydi “UZAVTOSANOAT” AK vakili.
 


Maqola muallifi

Teglar

UZAVTOSANOAT

Baholaganlar

225

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing