Buxorodagi jamoat transportida niqobsiz yurish taqiqlandi
Jamiyat
−
22 mart 2021
6658Buxoro viloyatida jamoat transportida tibbiy niqoblarni taqib, ijtimoiy masofani saqlashga qoidasiga amal qilish ustidan nazorat kuchaytirildi. Bu haqda Buxoro viloyati transport boshqarmasi ma’lum qildi.
Boshqarma jamoat transportlari va yo‘nalishsiz taksilarda niqobsiz harakatlanish man etilishi, tartibga rioya qilmaganlarga nisbatan qat’iy choralar qo‘llanilishini ma’lum qildi.
Boshqarma fuqarolarni jamoat transportlari va yo‘nalishsiz taksilar xizmatlaridan foydalanganda O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan karantin qoidalariga qat’iy rioya etishga, niqob taqish hamda jamoat transportlari salonida ijtimoiy masofani saqlashga chaqirgan.
“Tajribadan kelib chiqqan holda faqatgina ijtimoiy masofaga va majburiy niqob taqish rejimiga qat’iy rioya qilinishi kasallanish tarqalishining oldini olishga yordam beradi. Infeksiya tarqalishiga qarshi birgalikda kurashish, unga qarshi mustahkam turish maqsadida fuqarolarni yuqorida aytib o‘tilgan talablarga so‘zsiz va qat’iy amal qilishga chaqiramiz”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, joylarda haydovchilar bilan karantin qoidalariga rioya etish, harakat xavfsizligini ta’minlash, tibbiy niqobsiz yo‘lovchilarni tashimaslik masalalarida ko‘rsatma va tushuntirishlar berilgani qayd etilgan.
Avvalroq, Toshkent shahrida koronavirusga qarshi kurash choralari doirasida jamoat transportlarida niqob taqish va boshqa qoidalarga amal qilinishi ustidan nazorat kuchaytirilishi haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi