Buxorodagi tarixiy obidalar oldida behayo raqsga tushgan qiz va yigit javobgarlikka tortildi (video)
Jamiyat
−
04 iyul 2023 24507 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda bir qiz va yigit Buxoro shahrining tarixiy qismida joylashgan muqaddas qadamjolardan biri bo‘lgan “Poyi Kalon” majmuasi oldida madaniyatsiz xatti-harakatlar bilan raqsga tushgani aks etgan video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi munosabat bildirdi.
Keltirilishicha, mazkur video Buxoro shahar IIO FMBda belgilangan tartibda qayd etilib, mas’ul xodimlar tomonidan kechiktirib bo‘lmas tezkor surishtiruv harakatlari olib borilgan.
Aniqlanishicha, ushbu voqea 2022 yilning iyul oyi o‘rtalarida sodir bo‘lgan. Videoda Buxoro shahar A.Somiy ko‘chasida vaqtincha ijarada yashovchi 2004 yili G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan E.M. (ayol) tasvirlangan. U Kogon tumani “Taraqqiyot” mahallasida yashovchi A.A. ismli yigit bilan Buxoro shahrining tarixiy qismidagi “Poyi Kalon” majmuasiga taxminan soat 05:00 larda kelib, turli behayo harakatlar bilan raqsga tushgan. Videoni ularning tanishi H. tasvirga olgan va ushbu kadrlar o‘tgan yili ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgan.
Mazkur holat yuzasidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, har ikkala fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasiga asosan bayonnomalar rasmiylashtirilgan hamda javobgarlikka tortilgan. Hozirda esa H. ismli fuqaroning shaxsini aniqlash choralari ko‘rilmoqda.
“Holatni videoga olib ijtimoiy tarmoqqa chiqarib yuborgan H.ning shaxsiga aniqlik kiritilib, qonunchilikda nazarda tutilgan javobgarlikning muqarrarligi ta’minlanadi”, deyiladi boshqarma munosabatida.