Buxorodagi Nodir Devonbegi madrasasi oldida qimor reklama qilindi
3-sahifa
−
11:20 2150 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro shahrida joylashgan Nodir Devonbegi madrasasi oldida onlayn qimor o‘yini reklama qilingani aks etgan suratlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Madaniy meros agentligi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, madaniy meros ob’ektlari hududida har qanday ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun Madaniy meros agentligi bilan kelishilishi va tegishli ruxsatnoma olinishi shart. Aniqlangan holatda esa, ushbu talablar buzilgan.
O‘rganishlar davomida tadbirni o‘tkazish yuzasidan Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Odilov tasdiqlagan nazorat rejasi Madaniy meros agentligi bilan kelishilmagani aniqlangan. Holat yuzasidan joriy yilning 28 aprel kuni agentlikning Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan mas’ul shaxslarga tadbirni tegishli ruxsatnoma olinmaguncha to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma xati kiritilgan.
Biroq ushbu ko‘rsatma talablari bajarilmasdan tadbir o‘tkazilgani aniqlanib, 2026 yil 29 aprel kuni tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilgan hamda holat belgilangan tartibda hujjatlashtirilgan.
To‘plangan materiallar asosida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 198⁵-moddasi 1-qismi (Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligining va uning hududiy boshqarmalarining ko‘rsatmalarini bajarmaganlik)ga muvofiq ma’muriy bayonnoma tuzilib, ish hujjatlari qonunchilikda belgilangan tartibda sud organlariga yuborilgan.
Nodir Devonbegi madrasasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrdagi 846-son qaroriga muvofiq moddiy madaniy meros ob’ekti sifatida davlat muhofazasiga olingan hamda YUNESKO Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hudud hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namanganda tarixiy masjidni buzgan qurilish rahbari qamoqqa olingandi. Biroq u yetkazilgan zararni uch karra miqdorda qoplangani sababli garov ehtiyot chorasiga o‘zgartirilgan.
Live
Barchasi