Buxorodagi maktabda hojatxonadan sinfxona o‘rnida foydalanib, dars o‘tildimi?

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati Kogon shahridagi 9-sonli umumta’lim maktabining hojatxonasida o‘quvchilarga dars o‘tilayotgani haqida fotofakt va xabarlar tarqalgan edi. Buxoro viloyati hokimligi mazkur surat va xabarlarga nisbatan rasmiy izoh berdi. 

Unda qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan xabar viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi mutasaddilari tomonidan batafsil o‘rganilgan. “Bobur” MFYda joylashgan mazkur umumiy o‘rta ta’lim maktabi 1986 yilda qurilgan bo‘lib, hozirda 2013 yilda kapital ta’mirdan chiqarilgan 1051 o‘rinli zamonaviy binoda joylashgan.

Unda 2019-2020 o‘quv yilida 1573 nafar o‘quvchiga ta’lim-tarbiya berib kelinmoqda. Maktab binosi 3 qavatdan iborat bo‘lib, 1986 yilda har bir qavatida ichki hojatxona, ювири loyihalashtirilgan bo‘lsa-da, barcha qavatlarda hojatxona yo‘q. Ta’lim muassasasining hojatxonasi esa birinchi qavatida joylashgan va yillar davomida shu hojatxonadan foydalanib kelinmoqda.

“Ijtimoiy tarmoqda suratlari tarqatilgan 2- va 3–qavatlardagi hojatxona va yuvinish xonalaridan aytib o‘tganimizdek, yillar davomida foydalanilmagan hamda maktab ma’muriyati tomonidan yopib qo‘yilgan.

Bundan bir oycha avval ana shu xonalardan biri o‘quvchilar bilan alohida, sinfdan tashqari mashg‘ulotlarda foydalanish uchun rekonstruksiya qilingan. 13 dekabr kuni ushbu xonada 9-sinf o‘quvchilaridan maktab o‘zbek tili o‘qituvchisi A.F. rahbarligida o‘zbek tilidan nazorat ishi olingan. Ijtimoiy tarmoqda e’lon qilingan surat shu jarayondan.   

Ikkinchi suratda ko‘rsatilgan xona 2x1 o‘lchamli kichkina yuvinish xonasi bo‘lib, undan  umuman foydalanilmaydi”, deyiladi rasmiy izohda.

Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining talabi bilan yuqorida tasvirlangan xonadan foydalanish to‘xtatildi va sinfdan tashqari mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun ikkinchi smenada, tushdan keyin bo‘shaydigan sinf xonalaridan foydalanish tashkil etildi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: agar haqiqatan ham ushbu hojatxonadan ko‘p yillar davomida foydalanilmagan va u sinf xonasiga moslashtirilib, ta’mirlangan, tarqatilgan xabarlar asossiz bo‘lsa, nega Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i bu xonadan foydalanishni to‘xtatishni talab qiladi. Bordiyu butun maktab haqida ham shunday xabar tarqatilsa va bu xabar ham asossiz deb topilsa ham, maktab binosi yopib qo‘yiladimi? 

Shuningdek, rasmiy bayonotda maktab bundan 6 yil avval, ya’ni 2013 yildan kapital ta’mirdan chiqarilgani aytiladi. Qiziq, Buxoro viloyati hokimiyati, mutasaddilar kapital ta’mir deganda nimani tushunadi? 6 yil avval qilingan kapital ta’mir shu qadar sifatsiz bo‘lganmi yo u eski-tuski bilan yamalganmi? Qolaversa, maktab kapital ta’mirlangan vaqtda nega aytilganidek yillar davomida hojatxona sifatida foydalanilmagan va vaqti kelib sinfxonaga aylantirilgan xona ta’mirdan chetda qolib ketgan? Savollar ko‘p, javob beradigan kishi bormi? 


Maqola muallifi

Teglar

Buxoro Maktab

Baholaganlar

160

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing