Buxorodagi daraxtkushlik oqibatida tabiatga 1,7 mlrd so‘m zarar yetkazildi

Jamiyat

image

Buxoro viloyati Peshku tumanida muhofaza zonasidagi 125 tup daraxt noqonuniy kesib tashlandi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Peshku tumanining “Mustaqillik”, “Chig‘irchi”, “Yangibozor”, “Sadir” va “Malishoyak” mahallalari hududidan oqib o‘tuvchi Zandani kanalining muhofaza zonasida o‘sib turgan jami 125 tup daraxt, shundan 102 tup qimmatbaho daraxtlar kesilgan.

"Dastlabki xulosaga ko‘ra, daraxtkushlik oqibatida tabiatga 1,7 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.

Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari o‘tkazish uchun ichki ishlar organlariga yuborilgan. Shuningdek, mazkur jinoyat ishi tergovi ustidan prokuror nazorati o‘rnatilgan", deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Qo‘shimcha qilinishicha, “Yashil makon” loyihasi doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish va bu orqali respublikada yashil maydonlarni ko‘paytirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotgan bir vaqtda daraxt va butalarni noqonuniy kesish, nobud qilish holatlari ham uchramoqda.

Eslatib o‘tamiz, Prezident farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida keltirilgan qonunga ko‘ra, endilikda ekologik huquqbuzarlik sodir etganlarga nisbatan zararni qoplash bilan bir qatorda, zarar yetkazilgan tabiat ob’ektini tiklash va uning muayyan muddat davomida muhofaza qilinishini ta’minlash majburiyati yuklatilishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Buxoro Peshku daraxtkushlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing