Buxorodagi barcha hokimlar “Sitorai Mohi Xossa” sanatoriysida dam olishadi
Jamiyat
−
31 dekabr 2021
8769Buxoro viloyatining barcha tuman, shahar hokimlari va ularning o‘rinbosari 2022 yilning 1 yanvaridan 15 yanvarigacha bo‘lgan muddatda rejaga ko‘ra ta’tilga chiqadi. Bu haqda viloyat hokimi Botir Zaripov ma’lum farmoyish berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ta’til “Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasi asosida va Prezident Administratsiyasining 25 dekabrdagi topshirig‘iga asosan o‘tkazilmoqda. Viloyat hokimining o‘rinbosarlari, maslahatchilari va yordamchilari, tashkiliy-kadrlar guruhlari rahbarlari, tumanlar va shaharlar hokimlari hamda ularning o‘rinbosarlari, tuman va shaharlar sektorlari rahbarlari uchun mehnat ta’tillari tegishli muddatga belgilandi.
Ta’tilga chiqayotgan tuman va shahar hokimlarining vazifalari vaqtinchalik hokim o‘rinbosarlari zimmasiga yuklatildi. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bilan bog‘liq qarorlar va farmoyishlar tuman va shahar hokimi vazifalarini bajarish vaqtincha yuklangan hokim o‘rinbosarlari tomonidan tuman va shahar hokimi bilan kelishilgan holda qabul qilinadi.
Shuningdek, hokimlarga ularning o‘rinbosarlarini 2022 yil 17 yanvardan sog‘lig‘ini tiklash maqsadida mehnat ta’tiliga chiqarishni ta’minlash topshirildi.
“Sitorai Mohi Xossa” sanatoriysida sektorlar rahbarlari, tuman va shaharlar hokimi o‘rinbosarlarining davolanishi va salomatligini tiklashi uchun tegishli sharoitlar yaratiladi. Taniqli san’atkorlar bilan madaniy tadbirlar tashkil etadi. Ularni davolash bilan bog‘liq xarajatlar tegishli mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Qayd etilishicha, foydalanilmagan mehnat ta’til kunlari xodimlarning iltimosiga binoan pul kompensatsiyasi bilan almashtiriladi.