Buxoroda yog‘ingarchilik oqibatida hovlilar suvga to‘ldi
Jamiyat
−
10 aprel 2019
11015O‘zbekistonda davom etayotgan kuchli yog‘ingarchilik ayrim hududlarda favqulodda holatlarni keltirib chiqarayotgani, sel kelishi oqibatida ko‘plab ko‘chalar, ko‘priklar yaroqsiz holga kelib qolayotgani haqida xabar bergan edik.
Buxoroda ham kecha, 9 aprel kuni yog‘gan yomg‘ir asoratlari o‘rganilmoqda. Favqulodda vaziyatlar vazirligidan xabar qilishlaricha, soat 04: 00 da boshlangan surunkali yomg‘ir yog‘ishi natijasida, Buxoro shahrining “Amirobod”, “Hofiz Tanish Buxoriy”, “Rohat”, “Chorboqoli”, “Mirzo G‘ofur”, “Havzinav”, “Ozod”, “Nizomiy”, “Tursunoy”, “Kamolot”, “Tinchlik”, “Yangiobod”, “Tagband Bofon”, “Furqat” “Xo‘ja Porso” ko‘chalari shuningdek, Buxoro tumani “Cheyxoncha” ko‘chasiga ariqlardan suv toshib chiqishi holatlari kuzatilgan.
Bundan tashqari, “Havzinav” ko‘chasi 21-uy, Amirobod ko‘chasidagi 13-uy, “Bo‘ri Bofon” ko‘chasidagi 23-uy, “Obod” ko‘chasidagi 74-uy, “Rohat” ko‘chasidagi 31-uy, “Ko‘chabog‘” ko‘chasidagi 20-uy, “Toshko‘cha” ko‘chasidagi 80-uy, “Mirzo G‘ofur” ko‘chasidagi 19-uy, “Mustaqillik” ko‘chasidagi 32-uylarning hovlilariga oqava suvlari kirish holatlari qayd etildi.
Yuzaga kelgan vaziyatni bartaraf etish tadbirlariga viloyat Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Yong‘in xavfsizligi boshqarmalari, shuningdek, Buxoro shahar hokimligi, Obodonlashtirish boshqarmasi, viloyat ”Suvoqava” DUKning shaxsiy tarkibi va maxsus texnika vositalari jalb etildi.
Mazkur holatlarda binolarning qulashi va fuqarolarning tan jarohati olishi bilan bog‘liq holatlar kuzatilmadi.