Buxoroda O‘rta Osiyodagi eng qadimiy metall qurollar topildi

Jamiyat

image

Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi Poykent maskanidan miloddan avvalgi I va milodiy I-IV asrlarga oid qurol-aslahalar topildi. Bu haqda Islom sivilizatsiyasi markazi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu hududda amalga oshirilgan qazishma ishlari davomida Poykentdan qadimiy qurol-aslahalar, metall jihozlar, shuningdek, ibodatxona marosimlarida qo‘llanilgan qo‘ng‘iroqlar va isiriqdonlar topilgan. Bu buyumlar eramizdan avvalgi I asr va eramizning I asriga tegishli bo‘lib, saklar va massagetlar davridan qolgan.

“Restavratorlar ushbu topilmalarni asl holatiga keltirish ustida ishlamoqda. Bu jarayon o‘ta murakkab va katta bilimni talab qiladi. Ushbu topilmalar So‘g‘d davri devoriy suratlarida ham uchraydi. Arxeologik topilmalar sayyohlarning diqqatini jalb qilish bilan birga, yurtimizning boy tarixi haqida chuqurroq tasavvur beradi”, deyiladi xabarda.

Izlanishlar natijasida, shuningdek, uzunligi 13,7 metr bo‘lgan katta zal yoki hovli atrofida supalar topilgan. III-IV asrlarda u qo‘shni ibodatxonadan pastda joylashgan, shuning uchun unga shimol tomondan 12 pog‘onali, kengligi 3,4 metr zinapoya va pandus tushgan.

Ma’lumot uchun, Poykent shahri Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida joylashgan bo‘lib, uni o‘rta asr tarixchilari “Savdogarlar shahri” yoki “Mis shahar” deya ta’riflagan. Ta’kidlanishicha, u Buxorodan ham qadimiyroq.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabr oyida arxeologlar O‘zbekistonning janubi-sharqidagi tog‘larda o‘rta asrlarga tegishli ikkita shahar qoldiqlarini topgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Buxoro Poykent milodiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing