Buxoroda tillafurushlar faoliyatiga chek qo‘yildi
3-sahifa
−
20 mart 2023
9854Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tillafurushlar faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Buxoro viloyati huquq-tartibot organlari hamda “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyatining Shofirkon tumani bo‘limi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tadbir davomida Shofirkon tumani Nazarobod qishlog‘ida yashovchi 31 yoshli I.U. o‘zining yashash xonadonida yashirin sex tashkil etib, tegishli shartnomalar tuzilishini ta’minlamasdan, tarkibida oltin zarralari mavjud bo‘lgan toshlarni maydalashga mo‘ljallangan, quvvati 18,5 kilovatt bo‘lgan uskunani elektr tarmog‘iga noqonuniy ulab, foydalanib kelayotgani aniqlangan.
“O‘zenergoinspeksiya” Buxoro hududiy bo‘limi mutaxassislarining bergan xulosasiga ko‘ra, ushbu fuqaro tomonidan umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, 383,62 kVt/soat elektr energiyasidan noqonuniy tarzda foydalanilgani oqibatida davlat manfaatlariga 130,8 million so‘mlik zarar yetkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 185-2-moddasi 2-qismi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.