Buxoroda tarixiy-etnografik park quriladi
Jamiyat
−
03 fevral
7146Buxoroda “Boqiy Buxoro” tarixiy-etnografik parki barpo etiladi. Bu haqda bugun, 3 fevral kuni viloyat hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, parkni qurish loyihasi tarixiy me’morchilik an’analarini davom ettirish, yashil bog‘lar va sayilgohlarni ko‘paytirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
“Aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, yuqori sifatli servis xizmatlar ko‘rsatilishini tashkil etish, tarixiy me’morchilik an’analarini davom ettirish, yashil bog‘lar va sayilgohlarni ko‘paytirish maqsadida ko‘hna va hamisha navqiron Buxoro shahrida “Boqiy Buxoro” tarixiy-etnografik parki barpo etiladi”, deyiladi manbada.
Tarixiy-etnografik park hududidan Buxoro an’anaviy me’morchiligi durdonalari va zamonaviy shaharsozlik uslublari uyg‘unligini o‘zida ifoda etgan ob’ektlar, jumladan, etnografik muzey, Buxoro vohasi uchun xos bo‘lgan tarixiy mahallalar, aholi uchun xizmat ko‘rsatuvchi choyxonalar va milliy taomlar oshxonasi, an’anaviy drenaj tizimlari – ariq va hovuzlar, hunarmandlar rastalari, zargarlik, zardo‘zlik, kashtachilik, yog‘och o‘ymakorligi, temirchilik, kulolchilik, naqqoshlik, pichoqchilik kabi amaliy san’at ustaxonalari o‘rin olishi rejalashtirilmoqda.
Qo‘shimcha qilinishicha, majmua markazida musiqali favvora va “yashil yo‘lak” ham tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, etnografik park barpo etilishida xalqaro ekspertlar guruhi va mahalliy mutaxassislar jalb etiladi. Bu hududdagi barcha ishlar UNESCO Bosh konferensiyasi tomonidan 1972 yil 16 noyabrda qabul qilingan Umumjahon madaniy va tabiiy merosini muhofazasi bo‘yicha konvensiya talablari asosida amalga oshiriladi.
Bildirilishicha, yangi bunyod etilajak park o‘tgan asrning 20 yillarida Mixail Frunze boshchiligidagi “qizil armiya” qo‘shinlarining hujumi oqibatida Buxoroning ko‘plab, tarixiy obidalari vayron qilingan madaniy boyliklarning namunalari sanalgan qadim drenaj tizimlarini qayta tiklash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yilda Buxoroda XVIII asrga oid tarixiy obida topilgan edi.