Buxoroda saksovul olib qochishga uringan shaxs qamaldi (video)
3-sahifa
−
29 Sentabr 4067 2 daqiqa
Buxoro viloyatida saksovulni kesib, olib ketayotgan shaxs inspektorlarning qonuniy talablariga bo‘ysunmagani hamda faol qarshilik ko‘rsatib, qochishga uringani uchun 10 sutkaga qamaldi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, viloyat Ekologiya boshqarmasi Shofirkon tuman bo‘limi xodimlari tomonidan navbatdagi navbatdagi nazorat-reyd tadbiri o‘tkazilgan. Reyd davomida tumanning cho‘l hududidan saksovul o‘simligini noqonuniy ravishda kesib, olib ketayotgan Ford rusumli avtomashina to‘xtatilgan. Tekshiruv natijasida avtomashina ichida bo‘lgan 3 nafar fuqaro saksovul o‘simligini noqonuniy tarzda sindirib, olib ketayotgani aniqlangan.
Tuman Ekologiya bo‘limi xodimlari avtomashinani belgilangan tartibda jarima maydonchasiga olib borish bo‘yicha qonuniy talab qo‘ygan bo‘lsa-da, huquqbuzarlar inspektorlarning qonuniy talablariga bo‘ysunmay, voqea joyidan qochishga uringan hamda faol qarshilik ko‘rsatgan. Holat yuzasidan viloyat Ekologiya boshqarmasi tomonidan Shofirkon tumani IIBga qonuniy chora ko‘rish uchun rasmiy bildirish xati yuborilgan.
Ushbu huquqbuzarlik Shofirkon tumani Jinoyat ishlari bo‘yicha sudida ko‘rib chiqilgan va fuqaro A.S. ga inspektorlarning qonuniy talablariga bo‘ysunmagani hamda faol qarshilik ko‘rsatib, qochishga uringani uchun 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan.
Shuningdek, qolgan 2 nafar fuqaroning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari – 10 mln 300 ming so‘mdan jarima tayinlangan. Qolaversa, tabiatga huquqbuzarlar tomonidan jami 32 mln 298 ming so‘m zarar yetkazilgani hisoblangan.
Bundan tashqari, sud tomonidan qonuniy buyruqqa bo‘ysunmaganlik uchun saksovul sindirgan 3 nafar huquqbuzarning har biriga hamda voqeaga aralashgan yana bir fuqaroga BHMning 5 baravaridan (2 million 60 ming so‘m) jarima tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazm viloyatida noqonuniy ravishda saksovul kesgan fuqarolarni ta’qib qilgan inspektorlarga tan jarohati yetkazilgani haqida xabar berilgan edi. Bundan tashqari, huquqbuzarlar 2 nafar Buxoro viloyati Ekologiya boshqarmasi inspeksiya xodimlarini yuz va tana qismlarining barcha sohasiga urib, turli xil og‘ir tan jarohatlari yetkazgan (N.Muhammadiyevning oyog‘i singan). Keyin ularni yuk mashinasining bortiga yuklab, o‘zlari bilan olib ketayotgan vaqtda inspektorlar harakatlanib turgan yuk mashinasining orqa bort qismidan o‘zlarini tashlab, qochishga ulgurgan.