Buxoroda ayol tug‘uruq jarayonida vafot etdi
3-sahifa
−
23 yanvar
3028Ijtimoiy tarmoqlarda buxorolik ayol farzandini dunyoga keltirish vaqtida vafot etgani aytilgan video tarqaldi. Murojaatda erkak mazkur voqeaga tibbiyot xodimlarining e’tiborsizligini sabab qilib ko‘rsatmoqda. Holatga Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi munosabat bildiradi.
Qayd etilishicha, marhuma 1992 yilda Qorako‘l tumanida tug‘ilgan. U 2024 yil 12 dekabr soat 21:50 da RIO va BSIATM DM Buxoro filialiga (Perinatal markaz) qabul qilingan. O‘sha paytda ayol kuchli shamollash alomatlari: yo‘tal, tana haroratining 38 gradusgacha ko‘tarilishi, qog‘onoq suvlarining ketishi, umumiy holsizlik holatida bo‘lgan.
“Bemorda ushbu homiladorlik kamqonlik fonida kechgan. Homiladorlikning 14 haftalik muddatida jigar exinokoki tashxisi bilan operativ davolangan”, deyiladi munosabatda.
Qo‘shimcha qilinishicha, bemorga kerakli barcha klinik laborator, instrumental tekshiruvlar o‘tkazilgan. Kerakli mutaxassislar tomonidan (pulmonolog, terapevt) konsultatsiya o‘tkazilgan. Konsilium asosida standartlarga ko‘ra kerakli davo buyurilgan, kuzatuv davom ettirilgan. Ayolda tug‘uruq Milliy standart asosida olib borilgan, operativ tug‘uruqqa ko‘rsatma bo‘lmagan.
“13.12.2024 yil soat 7:00 da tana haroratining 38 gradusgacha ko‘tarilishi kuzatildi. Tabletka paratsetamol berildi. Kelishilgan shifokorlar konsiliumidan keyin tor mutaxassislar, pulmonolog va jarroh shifokor ko‘ruvi tashkil qilindi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Shunday qilib, ayolda 13 yanvar soat 14:25 da jadallashgan tug‘uruq sodir bo‘lgan. Qiz chaqaloq dunyoga kelgan. Tug‘uruqning 3-davrini aktiv olib borish maqsadida Oksitotsin 10 YeD m/oga qilingan. 3 daqiqadan so‘ng platsenta to‘liq ajralib chiqqandan so‘ng, bir vaqtda 250 ml qon ketgan, bachadon gipotoniyasi kuzatilgan. Shu paytning o‘zida ayol ahvoli birdan yomonlashib, nafas yetishmovchiligi belgilari kuzatilgan.
“15:05 da bemor ahvoli og‘irlashib, nafas yetishmovchiligi, teri sianozi kuchaydi. Ayolda 13 yanvar soat 15:15 da biologik o‘lim qayd qilindi”, deyiladi munosabatda.
Qayd etilishicha, marhuma sud tibbiyot ekspertizasidan o‘tkazilgan va o‘lim sababi Qog‘onoq suvlari emboliyasi tasdiqlangan.
Shundan so‘ng, holat yuzasidan Buxoro davlat tibbiyot institutining professor-mutaxassislari ishtirokida xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan va Respublika ixtisoslashtirilgan Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining mutaxassislari ishtirokida chuqur muhokama qilingan. Tibbiy hujjatlar yuritilishida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlar – markaz 2-tug‘uruq bo‘limi mudiri hamda davolovchi akusher-ginekologga o‘rtacha oylik maoshidan 30% jarima qo‘llanilib, boshqa bo‘limga rotatsiya qilingan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil noyabr oyida Toshkentdagi “roddom”da shifokorlar yordam bermagani uchun chaqaloq o‘lik tug‘ilgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi