Buxoro koronavirusdan holi hududga aylandi

Jamiyat

image

Bugun, 23 may kuni Buxoro viloyatida 2, Samarqand viloyatida 24, jami 26 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor tuzaldi va reabilitatsiyaga kuzatildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Ta’kidlash joizki, Buxoro viloyatida reabilitatsiyaga kuzatilgan 2 nafar inson hozircha ushbu hududdagi koronavirus infeksiyasiga chalingan so‘ngi bemorlar sanaladi. Ikkisi ham Buxoro shahridan va koronavirus infeksiyasini bemorlar bilan muloqot orqali yuqtirib olishgan. Biri 53 yoshdagi ayol bo‘lsa, ikkinchisi esa 6 yoshli qizaloq. Shunday qilib, viloyatda 442 nafar kasallanish holati qayd etilgan bo‘lsa, fidokor shifokorlarimiz sa’y-harakatlari bilan bugungi kunda ularning barchasi butunlay darddan forig‘ bo‘lishdi.

Samarqand viloyatida sog‘ayganlarning 11 nafari erkak, 13 nafari esa ayollardir, ularning barchasi koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Shuningdek, tuzalganlarning barchasi Samarqand viloyatidan (8 nafari Samarqand shahridan, 5 nafari Oqdaryo tumanidan, 4 nafari Samarqand tumanidan, 2 nafardan Payariq va Ishtixon tumanlaridan, 1 nafardan Toyloq, Pastdarg‘om va Jomboy tumanlaridan). Ular orasida eng yoshi kattasi 51 yoshda bo‘lsa, eng kichigi 2019 yilda tug‘ilgan. Samarqand viloyatida shu paytga qadar 178 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ularning soni 202 nafarga yetdi.

Ayni paytda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar soni 2438 nafarni tashkil etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha 3006 kishida koronavirus aniqlandi. Bugungacha bemorlarning 13 nafari vafot etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

116

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing