Buxoro “Islom madaniyati poytaxti” deb e’lon qilindi

Jamiyat

image

Ko‘hna va boqiy Buxoro shahri 2020 yilda "Islom madaniyati poytaxti" deb e’lon qilindi. Bu haqda kecha, 16 sentyabr kuni Misr Arab Respublikasi poytaxti Qohira shahrida o‘tgan O‘zbekiston-Misr vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarida aytib o‘tildi.

Delegatsiyalarga O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Dilshod Axatov va Misr Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Hani Salim rahbarlik qilgan.

Tomonlar Buxoroning 2020-yilda “Islom madaniyati poytaxti” deb e’lon qilinishi munosabati bilan o‘tkaziladigan tadbirlarda Misrning ishtirok etishiga qiziqish bildirdi.

Islomiy merosni o‘rganish doirasida tomonlar Misr ilmiy muassasalari bilan Samarqand shahridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasida hamkorlik aloqalari o‘rnatilganligini yuqori baholadilar. Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi Sharqshunoslik instituti bilan Misr Madaniyat vazirligi qoshidagi Kitoblar uyi va Arxivlar muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi taklifni qo‘llab-quvvatladilar, bu esa ikki mamlakat ilmiy muassasalarida saqlanayotgan nodir qo‘lyozmalarni birgalikda o‘rganishga imkon beradi.

Muzokaralarda turizm, madaniyat, fan va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Misr TIV huzuridagi Misr sheriklikni rivojlantirish agentligi bilan o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Hozirgi vaqtda geografik jihatdan uzoqligi tufayli ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikning mavjud salohiyati yetarlicha foydalanilmagan. Shu nuqtai nazardan, Hukumatlararo qo‘shma komissiya va O‘zbekiston-Misr ishbilarmonlar kengashining navbatdagi majlislarini o‘tkazish dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib, ushbu yo‘nalishdagi aloqalarni rivojlantirishning muhim mexanizmi ekani aytilgan.

Ma’lumot uchun: 2007 yilda O‘zbekiston poytaxti Toshkent Islom madaniyati poytaxti deb e’lon qilingan. 


Maqola muallifi

Teglar

Buxoro Islom madaniyati

Baholaganlar

57

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing