Bo‘kada tergovga jalb qilinib, vafot etgan fuqaro bo‘yicha bayonot berildi

3-sahifa

image

Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida IIB tomonidan tergovga jalb etilgan fuqaro U.S. vafot etgani bo‘yicha bayonot berildi. Toshkent viloyati Prokuraturasi tergovni chalg‘ituvchi, mish-mishlardan kelib chiqqan asossiz ma’lumotlarga ishonmaslikni so‘rab chiqdi

E’lon qilingan bayonotda aytilishicha, hozirda ijtimoiy tarmoqlarda holat yuzasidan turli asoslanmagan ma’lumotlar tarqalmoqda.

“Mazkur holat viloyat prokuraturasi tomonidan alohida nazoratga olingan bo‘lib, tergovni chalg‘ituvchi, mish-mishlardan kelib chiqqan asossiz ma’lumotlarga ishonmasliklaringizni hamda rasmiy manbalar orqali berilayotgan ma’lumotlarga tayanishingizni so‘rab qolamiz“, deyilgan xabarda.

Bildirilishicha, Bo‘ka tuman IIB tomonidan tergovga jalb qilingan gumonlanuvchi shaxsning vafot etgani holati yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, viloyat prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 iyun kuni Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida IIB tomonidan tergovga jalb etilgan fuqaro ahvoli yomonlashib, shifoxonada vafot etdi. Ichki ishlar vazirligi fuqaro Bo‘ka tumani Jinoyat qidiruv bo‘limining tezkor xodimlari tomonidan protsessual tartib buzilib, maxsus so‘rov xonasiga emas, balki xizmat xonasiga olib chiqilib, u bilan boshqa jinoyatga aloqadorligi bo‘yicha surishtiruv o‘tkazilganini ma’lum qildi. Jarayonda fuqaroning sog‘lig‘i yomonlashib, keyinchalik o‘limi yuz bergan. Tayinlangan birlamchi sud-tibbiy ekspertizasining tashxisi U.S.ning tanasida tan jarohatlari borligini ko‘rsatdi. 

Fuqaroning o‘limidan so‘ng voqeaga aloqador bo‘lgan 2 nafar tezkor xodim hibsga olindi, shuningdek, Bo‘ka tumani IIB boshlig‘i A.Boboxonov, uning birinchi o‘rinbosari V.Xudoyqulov, jinoyat qidiruv bo‘limi rahbari J.Subanov, tergov bo‘limi boshlig‘i J.Ochilov, shuningdek navbatchilik qismi mas’uli Sh.Ibragimov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent viloyati Bo'ka tergov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing