Bo‘kada tergovdagi fuqaroning o‘limiga sababchi bo‘lgan IIB xodimlari qamaldi
3-sahifa
−
06 dekabr 2023
12460Joriy yilning iyun oyida Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida IIB tomonidan tergovga jalb etilgan fuqaro vafot etgandi. Uning o‘limidan so‘ng voqeaga aloqador bo‘lgan 2 nafar tezkor xodim hibsga olinib, tuman IIB boshlig‘i A.Boboxanov va boshqa mas’ul shaxslar lavozimidan ozod etilgandi. Tergovga jalb etilgan shaxsning o‘limiga sabab bo‘lgan 4 nafar IIB xodimi turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Toshkent viloyati sudi matbuot xizmati xodimi Sherzod Xudoyberdiyev QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
Gap shundaki, shu yilning 4 iyun kuni Ichki ishlar vazirligi navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, Toshkent viloyati Bo‘ka tumani hududida fuqaro U.S. bir qator o‘g‘irlik jinoyatlarini sodir etishda gumonlanib, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida 3 iyun kuni tergovga jalb etilgan. Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi 1987 yilda tug‘ilgan mazkur shaxs himoyachisi ishtirokida Bo‘ka tumani IIB tergov xonasida videoga to‘liq yozib olingan holda so‘roq qilingan.
Gumonlanuvchi U.S. soat 19:00 da Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasi bilan protsessual tartibda ushlangan va Bo‘ka tumani IIBdagi “Fuqarolarni vaqtincha saqlash xonasi”ga joylashtirilgan.
Ma’lum qilinishicha, shu kuni soat 23:30 larda gumonlanuvchi U.S.ning sog‘lig‘i yomonlashgani sababli tez-tibbiy yordam xizmati chaqirtirilib, ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan u vafot etgan.
Aniqlanishicha, 3 iyun kuni soat taxminan 22:00 larda gumonlanuvchi U.S. Bo‘ka tumani Jinoyat qidiruv bo‘limining tezkor xodimlari tomonidan protsessual tartib buzilgan tarzda maxsus so‘rov xonasiga emas, balki xizmat xonasiga olib chiqilib, u bilan boshqa jinoyatga aloqadorligi bo‘yicha surishtiruv o‘tkazilgan. Jarayonda fuqaroning sog‘lig‘i yomonlashib, keyinchalik o‘lim holati yuz bergan (Vazirlik tomonidan mazkur holat aks etgan video e’lon qilinmagan).
Tayinlangan birlamchi sud-tibbiy ekspertizasining tashxisiga ko‘ra, U.S.ning tanasida tan jarohatlari borligi aniqlangan.
Holat yuzasidan Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 235-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, voqeaga aloqador bo‘lgan 2 nafar tezkor xodimlar – J.D. va G‘.Sh.lar hibsga olingandi.
O‘rta Chirchiq tumani sudida ushbu holat ko‘rib chiqildi.
Hukmda keltirilishicha, fuqaroning o‘limida 4 nafar xodim aybdor deb topilgan. Ular Bo‘ka tumani IIB JQB boshlig‘i bo‘lgan 37 yoshli J.S., bo‘limning tezkor vakillari – 38 yoshli D.J. hamda 31 yoshli Sh.G‘., shuningdek, Bo‘ka tumani IIB profilaktika inspektori 31 yoshli S. T.
Bo‘ka tumani IIB JQB boshlig‘i bo‘lgan 37 yoshli J.S. Jinoyat kodeksining 207-moddasi 3-qismi “a” bandi, 234-moddasi 1-qismi, 235-moddasi 2-qismi “a,v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga nisbatan 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
38 yoshli D.J. Jinoyat kodeksining 234-moddasi 1-qismi va 235-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
31 yoshli Sh.G‘. Jinoyat kodeksining 234-moddasi 1-qismi va 235-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Bo‘ka tumani IIB profilaktika inspektori S. T. Jinoyat kodeksining 235-moddasi 2-qismi “a,v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
Ularning barchasi 3 yil muddatga ichki ishlar organlari tizimida ishlash huquqidan mahrum qilingan.
LiveBarchasi