Bo‘ka tumani hokimi o‘rinbosari pedagoglarni kamsitib, mehnatga majburlagani uchun jarimaga tortildi

Jamiyat

image

Toshkent viloyati, Bo‘ka tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Anvar Xonto‘rayev xalq ta’limi muassasalari faoliyatiga asossiz aralashgani, pedagog kadrlarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitgani, mehnatga majburlagani, ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilgani uchun 22,3 mln so‘mga jarimaga tortildi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi xabar berdi.

Jumladan, Bo‘ka tumani hokimining o‘rinbosari tomonidan tumanda joylashgan ta’lim muassasalari rahbarlariga obodonlashtirish hamda tomorqa ishlari bo‘yicha xatlov o‘tkazish kabi topshiriqlar berilgan.

Xususan, Anvar Xonto‘rayev joriy yilning 19 aprel kuni Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 martdagi 176-sonli qaroriga zid ravishda tumandagi 12-umumta’lim maktabida 53 nafar ta’lim muassasasi rahbarlari va mahalla faollariga yig‘ilish o‘tkazib, 12-maktab direktori M.Xakimovaning o‘z vaqtida tomorqa bo‘yicha aholini xatlov qilmaganligi uchun uning kasbiy faoliyatiga asossiz aralashib, unga tazyiq o‘tkazib, barchani oldida izza qilib, sha’ni va qadr-qimmatini kamsitib, huquqlarini poymol etib undan tuman hokimi nomiga tushuntirish xati va joriy yilning 20 aprel kunidan ishdan bo‘shash to‘g‘risida arizasini olgan.

Bundan tashqari, 2020 yil 6-7 may kunlari hokim o‘rinbosari Anvar Xonto‘rayev tumanda faoliyat yuritayotgan 15-, 16-, 18-, 24-, 50-umumta’lim maktab direktorlariga tazyiq o‘tkazib, tuman markazidagi “Yoshlar maydoni”ga direktorlar va xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlarini ya’ni 25 kishini maydonda o‘sgan o‘tlarni o‘rish kabi majburiy mehnatga jalb qilgan.

Xalq ta’limi vazirligining Nazorat-huquqiy xizmati aralashuvi bilan Anvar Xonto‘rayevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlariga zid harakatlari yuzasidan to‘plangan hujjatlarga qonuniy baho berish uchun vazirlik tomonidan joriy yilning 15 may kuni Toshkent viloyati Bandlik bosh boshqarmasiga yuborilgan.

O‘z o‘rnida Toshkent viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi mazkur holatlarni qonuniy o‘rganib chiqib hokim o‘rinbosari Anvar Xonto‘rayevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismi bilan 22,3 mln. so‘m jarima jazosi qo‘llanilgan.

2018 yil 14 avgustda O‘zbekiston Prezidentining “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, xalq ta’limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, majburiy mehnatga, shu jumladan, tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish, mavsumiy qishloq xo‘jaligi hamda boshqa turdagi ishlarga jalb qilish taqiqlanadi.

Hujjatning 16-bandiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga (telefon: 1007) hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga (telefon: 2001176) pedagog xodimlarning huquq va erkinliklarini cheklash holatlarini o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish maqsadida qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan muntazam ravishda nazorat tadbirlarini o‘tkazish hamda aybdor shaxslarning javobgarlikka tortilishini ta’minlash vazifalari yuklatilgan.


Maqola muallifi

Teglar

majburiy mehnat Bo'ka tumani Anvar Xonto'raev

Baholaganlar

52

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing