Bugunning ilk xushxabari. O‘zbekistonda koronavirusdan sog‘ayganlar soni 900 nafarga yetdi
Jamiyat
−
28 aprel 2020
6916Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatida jami 8 nafar bemor koronavirusdan butkul sog‘aydi. Bu haqda bugun, 28 aprel kuni Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
“Bugunning ilk xushxabarini Farg‘ona viloyatida 7 nafar, Qashqadaryo viloyatida esa 1 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorning tuzalib chiqqanligi haqidagi yangilik bilan boshlaymiz. Sog‘ayganlar viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi“, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, Farg‘onadan sog‘ayganlarning 2 nafari erkak, 5 nafari ayol bo‘lib, 4 nafari Farg‘ona viloyatidan, 2 nafari Toshkent shahridan va 1 nafari Sirdaryo viloyatidan. Ularning 5 nafari Turkiyadan kelgan va karantinga olingan, kasallik aniqlangach shifoxonaga yotqizilgan. Qolgan 2 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olgan. Eng yoshi kattasi 48 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 2020 yil tug‘ilgan. Viloyatda shu paytga qadar 52 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 59 nafarga yetgan.
Shuningdek, Qashqadaryoda tuzalib chiqqan 14 yoshli bemor Chiroqchi tumanidan bo‘lib, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olishgan. Viloyatda shu paytga qadar 4 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 5 nafarga yetdi.
Ayni paytda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar soni 900 nafarni tashkil etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Bugungacha bemorlarning 8 nafari vafot etgan.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi