Bugun Toshkentda “Olimpiya kuni” nishonlanadi

Sport

image

Toshkent shahrida “Olimpiya kuni” o‘zgacha bayram sifatida nishonlanmoqda. Shahar ko‘chalari, bog‘lar, markaziy xiyobonlar “Olimpiya kuni” ishtirokchilari bilan to‘la. Mazkur bayram yurtimizda bu yil 6 iyul sanasida nishonlanishidan xabaringiz bor. Hozirda Respublikamizning barcha hududlarida bayram shukuhi kezib yuribdi. “Olimpiya kuni” tarovati bugun Toshkent shahrini ham qamrab oldi. Biroz avval “Eko bog‘”da mingdan ziyod sportchilar “Olimpiya kuni” ostida birlashib, tashrif buyurgan mehmonlarga o‘zlarining mahoratlarini namoyish qilishdi. Bu haqda MOQ Matbuot xizmati xabar tarqatdi.

Bog‘ yo‘llari boks, yengil atletika, maydonlari badiiy gimnastika, badmintton, dzyudo, anhorlari esa baydarka va kanoeda eshkak eshish bilan shug‘ullanadigan sportchilar ila gavjum bo‘ldi. Yosh iste’dod egalarining mohirona chiqishlari bog‘ga tashrif buyurgan mehmonlar qalbida sportga bo‘lgan muhabbatni yanada kuchaytirdi, deyish mumkin.

Shuningdek, bayram dasturi poytaxtimizning qoq markazi hisoblanmish Amir Temur xiyobonida ham o‘tkazildi. Xiyobonda Milliy gvardiya hamda yilqichilik va ot sporti federatsiyasiga tegishli otlar ishtirokida parad o‘tkazildi. Otlarning bir tekisda ravon va chiroyli yurishini kuzatgan deyarli har bir muxlis mazkur jarayonni o‘z telefoniga muhrlab qo‘ydi.

Bu hali hammasi emas. Toshkentning boshqa ko‘cha va bog‘larida “Olimpiya kuni” munosabati bilan bir-biridan qiziqarli sport tadbirlari tashkil qilindi va bugun ham davom etadi. Bugun “Xalqlar do‘stligi” maydonidan “Paxtakor” stadionagacha minglab sportga oshno muxlislar ishtirokida ommaviy yurish bo‘lib o‘tadi. Kunning eng muhim voqeligi esa “Humo arena”da o‘z sirlarini berkitib turibdi.


Maqola muallifi

Teglar

MOQ Paxtakor Olimpiya kuni

Baholaganlar

13

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing