Bugun Pokiston, ertaga istalgan davlat bo‘lishi mumkin – Guterrish dunyoga ogohlantirish bilan chiqdi
Olam
−
08 Oktabr 2022
21427Pokiston xalqi “iqlim adolatsizliklari” qurboniga aylandi – kuchli yog‘ingarchilik tufayli mamlakat hududining uchdan bir qismi suv ostida qoldi. Pokiston hukumati sayyora miqyosidagi falokatga dosh bera olmaydi va xalqaro hamjamiyat yordamiga muhtoj. Bu haqda BMT Bosh kotibi Bosh Assambleyaning ushbu mamlakatdagi vaziyatga bag‘ishlangan yig‘ilishida aytib o‘tdi. Antoniu Guterrish BMTning 816 million dollarlik gumanitar murojaatini eslatib, Pokistonga mablag‘ to‘plash uchun donorlar konferensiyasi o‘tkazishga chaqirdi.
“Pokiston global issiqxona gazlari emissiyasining bir foizdan kamrog‘ini tashkil qiladi, shunga qaramay, u texnogen iqlim o‘zgarishi uchun katta badal to‘laydi. Toshqin suvlari mening mamlakatim Portugaliyaning umumiy maydonidan uch baravar ko‘p maydonni qamrab oldi”, deydi Guterrish.
Tabiiy ofatlarga qarshi kurash milliy boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 14 iyundan 28 sentyabrga qadar kuchli yomg‘ir va suv toshqini 1600 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan, 12 800 dan ortiq kishi jarohat olgan. Halok bo‘lganlar orasida 333 nafar ayol va 615 nafar bola bor. 3452 nafar ayol va 4006 nafar bola jarohatlangan. Umuman olganda 33 millionga yaqin odam toshqindan jabr ko‘rdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi ta’kidlaganidek, ko‘plab pokistonliklar hamma narsadan – uylaridan, chorva mollaridan, ekinlaridan va kelajagidan ayrildi.
Pokistondagi falokat oqibatlari yillar davom etishi mumkin
Hozir yomg‘irlar to‘xtadi va suv pasayishni boshlagan bo‘lishi mumkin, ammo Pokiston janubidagi ko‘plab hududlar suv ostida qolmoqda. Qish yaqinlashganda, bulutlar qalinlashadi va vaziyat yomonlashishda davom etmoqda. Tabiiy ofat oqibatida kamida 7,9 million kishi uy-joyini tark etgan. Ulardan 598 mingga yaqini vaqtinchalik lagerlarda istiqomat qilmoqda.
Umuman olganda, 20,6 million kishi yordamga muhtoj. Suv toshqinlari ikki milliondan ortiq uyni vayron qildi yoki shikastladi: 767 mingtasi butunlay vayron bo‘ldi va deyarli 1,3 millioni zarar ko‘rdi. Vayronagarchilikning 89 foizi Sind provinsiyasiga to‘g‘ri keladi. Xuddi shu viloyatda 13 ming kilometrdan ortiq yo‘l va 200 ga yaqin ko‘prikning 64 foizi shikastlangan. Toshqin Pokistondagi sog‘liqni saqlash muassasalarining 10 foizga yaqiniga zarar yetkazdi.
“Pokiston sog‘liqni saqlash halokati yoqasida turibdi. Vabo, bezgak va dang isitmasi avj olishi suv toshqinidan ko‘ra ko‘proq odamlarning hayotiga zomin bo‘lishi xavfi bor”, deya ogohlantirdi BMT Bosh kotibi.
Uning ta’kidlashicha, gap qariyb bir yarim ming tibbiyot muassasasining vayron bo‘lishi haqida ketmoqda.
Ekinlarning va chorva mollarining nobud bo‘lishi Pokistonda oziq-ovqat inqiroziga olib keldi. Mamlakatda, Guterrishning so‘zlariga ko‘ra, qattiq ocharchilik yaqinlashmoqda.
“15 milliondan ortiq odam qashshoqlik chegarasidan pastga tushishi mumkin. Imkoniyati kam bo‘lgan ko‘p odamlar uchun hozirgi suv toshqinlarining oqibatlari kunlar yoki oylar davomida sezilmaydi – Pokistondagi ofatlar oqibati kelgusi yillarga cho‘zilishi mumkin. Bunday sharoitda odamlarga keng ko‘lamli yordam kerak”, deydi BMT Bosh kotibi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni damda BMT Pokiston hukumati bilan eng yuqori darajadagi donorlar ishtirokida va’da beruvchi konferensiya chaqirish ustida ishlamoqda. Konferensiya davomida mamlakatni tiklash va qayta qurish uchun mablag‘ yig‘iladi.
“Men donor davlatlar, xalqaro moliya institutlari va boshqa tegishli xalqaro tashkilotlarni, shuningdek, xususiy sektor va fuqarolik jamiyatini ushbu sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqiraman. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Pokiston uchun suv toshqiniga qarshi kurash rejasini allaqachon taqdim etgan”, deydi BMT rahbari.
Uning ta’kidlashicha, BMT uni moliyalashtirish uchun 816 million dollar so‘ragan. Gap kelgusi yilning may oyigacha eng dolzarb ehtiyojlarni moliyalashtirish haqida ketmoqda.
BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi
Pokiston boshiga tushgan falokatni hisobga olib, BMT rahbari 6-18 noyabr kunlari Misrda bo‘lib o‘tadigan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasini esladi. Antoniu Guterrish issiqxona gazlari chiqindilarining tez o‘sib borayotganini qayd etib, bo‘lajak forumda jiddiy qarorlar qabul qilinishi kerakligini ta’kidladi.
BMT rahbariga ko‘ra, Pokiston kabi davlatlarga tabiiy ofatlar oqibatlarini tiklash va moslashishda yordam berish boy davlatlarga ma’naviy mas’uliyat yuklaydi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi iqlim o‘zgarishi va bunday halokatga olib keladigan chiqindilarning 80 foizi G20 mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri kelishini unutmaslikka chaqirdi.
Bosh kotib Pokistonga tashrifi davomida butun insoniyat kelajakda nimalarga duch kelishi mumkinligini ko‘rganini aytdi.
“Bugun Pokiston. Ertaga esa har qanday davlat bo‘lishi mumkin. Iqlim betartibligi hozir hammaning eshigini taqillatmoqda. Biz Pokiston xalqining ehtiyojlarini qondirishimiz va javob berishimiz kerak”, deydi Antoniu Guterrish. Uning qo‘shimcha qilishicha, global inqiroz global birdamlik va global javob choralarini talab qiladi.
7 oktyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi delegatlari Pokiston hukumati va xalqi bilan birdamlik rezolyutsiyasini qabul qildi. Rezolyutsiya xalqaro hamjamiyatni Pokistonga yordamni kengaytirishga va mamlakatning xalqaro moliyalashtirishga kirishini osonlashtirishga chaqiradi.
LiveBarchasi