Bugun Ozarbayjon Erondagi elchixonasini evakuatsiya qildi 

Olam

image

Bugun, 29 yanvar kuni Ozarbayjon qurolli hujumdan so‘ng elchixona xodimlari va ularning oila a’zolarini Erondan evakuatsiya qilmoqda. Bu haqda Ozarbayjon TIV xabariga tayanib, “Reuters” ma’lum qildi.

Eron hukumati joriy yilning 27 yanvar kuni Tehrondagi Ozarbayjon elchixonasiga uyushtirilgan qurolli hujumni qoralagan, ammo qurolli shaxs siyosiy emas, shaxsiy maqsadda hujum qilganini ta’kidlagan.

Nashrga ko‘ra, voqea Eronning xalqiga nisbatan munosabati tufayli qo‘shni davlatlar o‘rtasida keskinlik kuchaygan bir paytda va Ozarbayjonning shu oyda Isroilga o‘zining ilk elchisini tayinlash qarori fonida yuz berdi.

Hujumdan keyin Ozarbayjon tashqi ishlar vazirligi adolat talab qilish uchun Eronning Bokudagi elchisini chaqirganini va elchixona xodimlarini Tehrondan evakuatsiya qilishini ma’lum qildi. Unda qo‘shimcha ma’lumotlar, jumladan, elchixona o‘z faoliyatini davom ettiradimi yoki yo‘qmi, aytilmagan.

Avvalroq vazirlik otishma Tehronning xavfsizlikni yaxshilash borasidagi chaqiriqlariga quloq solmagani oqibatida ro‘y berganini aytgandi.

Keyinroq Eron davlat televideniyesida hujumchi sifatida tanishtirilgan oq sochli erkak ozarbayjonlik xotinini ozod qilish uchun harakat qilganini aytdi, uning fikricha, ayol elchixonada ushlab turilgan. Biroq erkakning qizi ekani aytilgan yosh ayol onasi Ozarbayjonda ekanini aytib o‘tgan.

“Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy voqeani “har tomonlama tergov qilishga” chaqirdi va Ozarbayjon va halok bo‘lgan erkakning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi”, deya xabar beradi Prezident Matbuot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 yanvar kuni soat 08:30 da Tehronda Ozarbayjon elchixonasiga qurolli hujum uyushtirildi. Hujum qilgan shaxs Kalashnikov avtomati bilan qurollangan. Hodisa oqibatida xavfsizlik xizmati boshlig‘i halok bo‘ldi, uning ikki hamkasbi yaralandi. Ikkinchisining holati qoniqarli deb baholanmoqda. Eron politsiyasi Ozarbayjon diplomatik vakolatxonasiga uyushtirilgan hujumda gumonlanuvchining hibsga olingani haqida xabar berdi. 

Shundan so‘ng, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev elchixonaga uyushtirilgan qurolli hujumni qoralab, uni terrorchilik harakati deb baholadi.

Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ayxan Hojizoda esa Ozarbayjon qurolli hujumdan keyin mamlakat elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilmoqchiligini ma’lum qilgan edi. 

Shuningdek, Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyyan ozarbayjonlik hamkasbi Jeyhun Bayramov bilan telefon orqali muloqot qilib, Ozarbayjonning Tehrondagi elchixonasiga qilingan hujumdan ikki davlat dushmanlari foydalanganini bildirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Ozarbayjonning Eron poytaxti Tehrondagi elchixonasiga uyushtirilgan hujum yuzasidan munosabat bildirib, ushbu holatni keskin qoralashini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing