Bugun Madrid klublaridan biri turnir bilan xayrlashadi
Sport
−
12 mart 6143 3 daqiqa
Yevropa Chempionlar ligasi 1/8 final bosqichi javob o‘yinlari bugun ham davom ettiriladi. “Lill”-“Borussiya”, “Aston Villa”-“Bryugge”, “Arsenal”-PSV, “Atletiko”-“Real” uchrashuvlari bugungi kun tartibidan o‘rin olgan.
“Lill” PSJ ortidan keyingi bosqichga o‘ta oladimi?

Yevropa Chempionlar ligasi 1/8 final bosqichi ilk o‘yinida “Lill” “Borussiya” mehmoni bo‘lib, 1:1 hisobida durang qayd eta oldi. Javob o‘yinidagi natija masalani hal qiladi. Hozircha bu o‘yinda yaqqol favorit yo‘q. To‘g‘ri, jahon futbolidagi mavqeyi tarafdan “Borussiya”ning imkoniyati biroz balandroq ko‘rinishi mumkin. Ammo bu Chempionlar ligasi va bu turnirda har qanday natija qayd etilishi mumkin. Autsayder bo‘lib ko‘ringan klub sensatsion tarzda g‘alaba qozonib, ko‘pchilikni hayron qoldiradi. Mazkur uchrashuv bugun, 12 mart kuni Toshkent vaqti bilan 22:45 da start oladi. Ushbu o‘yin g‘olibi 1/4 finalda Kataloniyaning “Barselona”siga qarshi maydonga tushadi.
“Bryugge” yana bir bor mo‘jiza ko‘rsatishga harakat qiladi

Belgiyaning “Bryugge”si shov-shuvli tarzda “Atalanta”ni musobaqadan chiqarib yuborganidan keyin 1/8 final bosqichida Angliyaning “Aston Villa” klubiga ro‘baro‘ keldi. Belgiyada o‘tgan ilk o‘yinda “Bryugge” “Aston Villa”ga 3:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Ikkita to‘p farqi juda fojiali emas. Yo‘qqa chiqarsa bo‘ladigan farq, ammo raqib “Aston Villa” ham bu mavsum ancha o‘yin jihatdan ham, tarkib jihatdan ham kuchaydi. Birmingemliklar qishki transferlar oynasida hujumchi Jon Dyuranni 70 million evaziga “Al-Nasr”ga sotib yubordi. Undan qolgan foydaga klub “Manchester Yunayted”dan Markus Reshford va PSJdan Marko Asensioni sotib oldi. Har ikki futbolchi jamoaga tezda moslashib ketdi va ketma-ket o‘yinlarda gol-assistlar amalga oshirib kelmoqda. Javob o‘yini “Aston Villa” o‘z uyida o‘tkazishini hisobga olib, hamda dastlabki o‘yindagi 3:1 hisobidagi g‘alaba birmingemliklarni favoritga aylantirdi. Ushbu o‘yin 13 martga o‘tar kechasi Toshkent vaqti bilan 01:00 da start oladi. Ushbu o‘yin g‘olibi keyingi bosqichda PSJga raqib bo‘ladi.
Mo‘jiza ham yordam bera olmaydigan PSV

Chempionlar ligasi 1/8 finali ilk o‘yinida “Arsenal” PSV mehmoni bo‘ldi va o‘ta yirik 7:1 hisobida g‘alaba qozondi. Londonliklar chorak final masalasini Niderlandiyadayoq hal qilishga ulgurdi. “Emireyts”da bo‘lib o‘tadigan javob o‘yinida PSV 6 to‘plik farqni yo‘qqa chiqarishiga hattoki klub muxlislari ham ishonmaydi. Ahamiyatlisi shundaki, “Arsenal” ilk o‘yinda sof markaziy hujumchisiz o‘ynadi va raqib darvozasini 7 marta ishg‘ol qildi. Bu esa jarohatlar girdobida qolgan Arteta shogirdlarining nimalarga qodir ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi. PSVga hurmatni saqlagan holda aytish kerakki, bu o‘yin g‘olibi “Atletiko”-“Real” to‘qnashuvi g‘olibiga qarshi maydonga tushadi. Mazkur uchrashuv 13 martga o‘tar kechasi Toshkent vaqti bilan 01:00 da start oladi.
Madrid klublaridan biri turnir bilan xayrlashadi

Madrid derbisidagi ilk o‘yinda “Real” “Santyago Bernabeu”da 2:1 hisobida zafar quchdi. Hisobdagi farq va javob o‘yini “Atletiko” maydonida bo‘lishini hisobga olganda, “matraschilar” ham keyingi bosqich uchun imkoniyatni saqlab qoldi. Ikki jamoa ham keyingi bosqich uchun borini tashlaydi. Bu bahsda favorit maqomi “Real”da. Sababi “qirollik klubi” Chempionlar ligasida tubdan boshqa jamoaga aylanib oladi. “Atletiko” esa qarshilik ko‘rsatishga harakat qiladi. Mazkur uchrashuv 13 martga o‘tar kechasi Toshkent vaqti bilan 01:00 da start oladi. Ushbu o‘yin g‘olibi, katta ehtimol bilan “Arsenal”ga qarshi maydonga tushadi.
Live
Barchasi