Deputat YeOII haqida: “Tashqi bozorlardagi ulushimiz ortarmikan yoki kalishimizni to‘g‘rilab qo‘yisharmikan?!”

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulruh Agzamovaga ko‘ra, ayni vaqtda O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shiladimi yoki yo‘q, degan savolni berish ortiqcha. Mazkur masalada “yetti o‘lchab, bir kesish” kerak bo‘ladi.

“Oxirgi kunlarda koronavirus pandemiyasi har bir oilada qanchalik ko‘p muhokama qilinayotgan bo‘lsa, siyosatchi va iqtisodchilar tomonidan O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik masalalasi ham shunchalar qizg‘in bahslarga sabab bo‘lmoqda. Tan olish kerak-ki, hukumat bu borada siyosiy vazminlikni namoyon etyapti. Chunki “kosa tagidagi nimkosa” bizni ko‘proq o‘ylantirmoqda”, deydi Gulruh Agzamova.

Birinchidan, faqat “Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi” iborasidagina “iqtisodiy” tushunchasi bor. Lekin bu iborada o‘z aksini topmagan, biroq ko‘p bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgan mustaqillik, siyosiy, geosiyosiy, madaniy, milliy qadriyatlar kabi masalalarda “yetti o‘lchab, bir kesish” kerak bo‘ladi.

Ikkinchidan, keng qamrovli ishchi guruh YeOII bilan bog‘liq tavakkalchiliklarni baholashi kerak. Mazkur jarayonda shoshma-shosharlik to‘g‘ri kelmaydi.Ta’kidlash joizki, ayni vaqtda O‘zbekiston YeOIIga qo‘shiladimi yoki yo‘q, degan savolni berish ortiqcha. Hozir keng doiralarda ko‘proq bunday qarorning oqibatlari haqida fikr yuritilmoqda. Mazkur jarayonda bir-birini inkor etuvchi pozitsiyalarning mavjudligi masalaning nechog‘lik ziddiyatli, qaltis va dolzarb ekanligini bildiradi.

2014 yil 29 mayda Ostona shahrida imzolangan “Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi haqida”gi Shartnomaning 4-moddasida uni tuzishning asosiy maqsadlari sifatida a’zo-davlatlar aholisining turmush darajasini oshirish maqsadida ular iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish, tashkilot doirasida tovarlar, xizmatlar, kapital va mehnat resurslarining yagona bozorini shakllantirishga intilish, global iqtisodiyot sharoitida milliy iqtisodiyotlarni har taraflama modernizatsiya, kooperatsiya qilish va ular raqobatbardoshligini oshirish kabilar belgilangan.

Bu O‘zbekistonning yangi iqtisodiy siyosatining asoslarini belgilab bergan Harakatlar strategiyasi maqsadlariga mos keladi.

“Agarda YeOIIga qo‘shilsak, mamlakatimiz ishbilarmonlari o‘rtasida raqobat muhiti kuchayadi. Bozor talablari, qonun-qoidalari barcha uchun bir xil bo‘ladi. Gap 185 million aholisi bor ulkan bozor to‘g‘risida ketmoqda. Respublikamiz o‘z bozorini to‘liq ta’minlay olganmi? Qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik sanoatidan boshqa qaysi tarmog‘imiz turib bera oladi?! Axir Yevroosiyo bozoriga yo‘l ochilgach, muayyan tarmoqlar, masalan, avtomobilsozlik, elektrotexnika, qandolatchilik sanoatimiz raqobatga dosh berolmasligi mumkinligini inkor etib bo‘lmaydi-ku?! Tashqi bozorlardagi ulushimiz ortarmikan yoki kalishimizni to‘g‘rilab qo‘yisharmikan?!”, deya havotirlarini bildiradi deputat.

Davlat rahbari yil boshidagi Parlamentga Murojaatnomalarida “barcha yo‘llar band ekanligini va hech kim o‘z xohishi bilan uni bo‘shatib bermasligini” uqtirib, “biz yo‘llardan uzoqdamiz. Qo‘shnilarimizda dengizga chiqish uchun yo‘l bor. Bizda hozir import ko‘p, biroq har bir dollar – bu bizning boyligimiz, chunki biz valyuta to‘layapmiz. Rossiyaga o‘z manafaatlariga ega Qozog‘iston orqali chiqyapmiz. Hech kim bizga yo‘lni yengillatmoqchi emas”, – degandi. Bu esa o‘z navbatida, O‘zbekiston YeOII bilan hamkorligi bu importning o‘sishiga va ko‘plab o‘zbek korxonalariga zarba bo‘lishi mumkinligiga yaqqol ishoradir.

YeOIIga kirish yoki kirmaslik haqidagi mulohazalarda ko‘pincha mehnat migrantlarning ish topish, tibbiy sug‘urta va pensiya ta’minoti bilan bog‘liq muammolari tilga olinadi. Qolaversa, bu kungi koronavirus pandemiyasi karantini davrida millionlab migrantlarning favqulotdagi vaziyatlarda vataniga qaytishidagi  qiyinchiliklar ham masalaga o‘zgacha yondoshuvni talab etmoqda. Bundan tashqari, migrantlar soni millionlab sanalsa, bu ularning o‘z vatanida ish topolmasligidan dalolat beradi, O‘zbekistonda ishsizlik muammosi hal bo‘lmayapti degan tasavvur paydo bo‘ladi. Migrantlarni ketishini emas - qaytishini o‘ylash kerak. Agar migrantlar masalasi vaqtinchalik deb o‘ylanilsa, unda YeOIIga kirish uchun bu argument kuchsiz bo‘ladi.

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida Rossiya Federatsiyasi ham siyosiy, ham iqtisodiy jihatdan yetakchi davlat ekaniga, Rossiya YeOIIni mintaqada geosiyosiy ta’sirini saqlab qolish maqsadida tuzganiga shubha yo‘q. Ushbu birlashma oxir-oqibat siyosiy blokka aylanishi ham ehtimoldan xoli emas.

Rossiya O‘zbekiston uchun sarmoya va texnologiyalar yetkazib beruvchi yagona investor emas. O‘zbekistonda texnologik masalalar YeOIIsiz ham Xitoy bilan tizimli ravishda amalga oshirilib kelinmoqda va bu tarmoqning rivojlanishi keyingi 10-20 yillarga ham aniq choralar bilan belgilangan.

Rossiya va O‘zbekiston iqtisodiyoti hajman bir-biridan keskin farqlanadi. Mamlakatlar o‘rtasidagi yillik savdo aylanmasi 4 milliard AQSH dollariga teng, shundan to‘rtdan bir qismigina O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolgani Rossiyadan import qilinayotgan mahsulotlardir. Bundan tashqari, chegaralarni ochish, import uchun bojxona to‘lovlarini tushirish, aksiz solig‘ini bekor qilish kabi talab¬lar O‘zbekiston iqtisodiyotini sezilarli ravishda zaiflashtirib qo‘yilishi mumkin.

Masalaning geosiyosiy tomoni shundaki, O‘zbekiston dunyodagi qudratli davlatlar  - AQSH, Rossiya va Xitoy bilan hamisha masofa saqlab kelgan. Tarozi pallalarini  og‘ishtirmay, bir xil muvozanatda ushlagan. Va bunday oqilona siyosat tashqi munosabatlarning sub’ektlari tomonidan hurmat qilingan va qadrlangan. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish esa o‘z-o‘zidan muayyan tomonga og‘ishni anglatadi. Bu esa, o‘z navbatida, davlatning hozirgi tashqi ijobiy imijini shakllantirayotgan davrda siyosiy imijiga putur yetkazishi mumkin.

“Menimcha, tom ma’noda tashqi va ichki suverenitetga ega bo‘lgan mamlakatning  milliy manfaatlari prinsipial ahamiyatga ega bo‘lishi kerak. Integratsiya jarayonlariga  qo‘shilishda esa siyosiy vazminlik, iqtisodiy bosiqlik tamoyillari ustuvor bo‘lishi zarur”, deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulruh Agzamova.


Maqola muallifi

Teglar

deputat EOII Gulruh Agzamova

Baholaganlar

84

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing