Bugun Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari kuni

Jamiyat

Tarixdan ma’lumki har bir davlatning xavfsizligini ta’minlashda maxsus xizmatlarning o‘rni va roli hamisha beqiyos bo‘lgan. 

Xususan, davlat sarhadlarini qo‘riqlashdan tortib, mamlakatdagi tinchlik va barqarorlik, jamiyat osoyishtaligini ta’minlash yoki har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini himoya qilish har zamon va har makonda maxsus xizmatlarning ustuvor vazifasi hisoblangan.

Bugun dunyoda kechayotgan murakkab va tahlikali vaziyatda O‘zbekiston Respublikasini ichki va tashqi tahdidlardan himoya qilishda, xalqaro munosabatlarda uning milliy manfaatlarini qo‘llab-quvvatlashda Davlat xavfsizlik xizmatining munosib hissasi bor.

Xususan, 2018 va 2019 yillarda DXX idoralari tomonidan xorijiy maxsus xizmatlar bilan hamkorlikda 9 ta terrorchilik harakatining oldi olindi. Ulardan 2 tasi O‘zbekistonda, 7 tasi hamdo‘stlik mamlakatlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan edi. Shuningdek, 625 kilogrammdan ortiq giyohvand moddalar musodara qilindi. 500 dan ortiq korrupsiya bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yildi. Davlatimiz sarhadlaridan noqonuniy olib o‘tilgan qariyb 97,7 mlrd so‘mlik tovar-moddiy boyliklar musodara qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga ko‘ra amalga oshirilgan “Mehr 1” va “Mehr 2” gumanitar operatsiyalari doirasida Yaqin Sharq davlatlarida og‘ir sharoitda qolayotgan 220 nafar ayollar va bolalarni mamlakatimizga olib kelishda DXX xodimlari ham faol ishtirok etdilar.

Shuningdek, yot g‘oyalar ta’sirida Afg‘onistonda qiyin holatga tushib qolgan o‘nlab vatandoshlarimiz ham o‘z yaqinlari bag‘riga qaytarildi. 

Bugun, 5 aprel –O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizligi xizmati xodimlari kuni. Shu munosabat bilan QALAMPIR.UZ jamoasi soha xodimlarini kasb bayrami bilan muborakbod etadi. 


Maqola muallifi

Teglar

Davlat xavfsizlik xizmati

Baholaganlar

164

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing