Bugun Bekzod Abdurahmonov taekvondochi Nigora Tursunqulovaga uylanyapti
Sport
−
14 avgust 2021
18654Bugun, 14 avgust kuni Erkin kurash bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari sovrindori Bekzod Abdurahmonov va taekvondo bo‘yicha Osiyo o‘yinlari sovrindori, Tokio Olimpiadasida O‘zbekiston bayroqdori bo‘lgan Nigora Tursunqulovaning nikoh to‘yi bo‘lib o‘tmoqda.
Joriy yilning 6 avgustida Abdurahmonov erkin kurash bo‘yicha 74 kg vazn toifasida Olimpiada bronza medalini qo‘lga kiritgan edi. Shu kuni uning oila a’zolari Bekzod Abdurahmonov uylanayotgani, kelin taekvondo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Nigora Tursunqulova ekanini aytib o‘tishgan edi.
Bekzod Abdurahmonov ikki marta Jahon chempionatida bronza medali, Osiyo o‘yinlari va Osiyo chempionati oltin medalini qo‘lga kiritgan. Bugungi kunda esa MMA’da ham faoliyat yuritayotgan sportchi 7 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozongan. Ma’lumotlarga ko‘ra, tez kunda u UFC promousheni bilan shartnoma imzolaydi.
Nigora Tursunqulova taekvondo bo‘yicha Osiyo chempionatida oltin va bronza, Osiyo o‘yinlarida bronza, Butunjahon armiya o‘yinlarida esa kumush medalga sazovor bo‘lgan, Rio va Tokio Olimpiadasida ishtirok etgan.
Eslatib o‘tamiz, Bekzod Abdurahmonov Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Tokio Olimpiadasida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar hamda ularning murabbiylari davlatimizning faxriy unvon, orden va medallari bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
LiveBarchasi