Bugun Husanov va “Manchester Siti” “Liverpul”ga qarshi o‘ynaydi
Sport
−
23 fevral 18134 3 daqiqa
Bugun, 23 fevral kuni Angliya Premer ligasi 26-tur o‘yinlari davom ettiriladi. Shubhasiz, turning markaziy uchrashuvi “Etihad”da bo‘lib o‘tadi. Unda mezbon “Manchester Siti” “Liverpul”ni qabul qiladi.
Chempionlik poygasidagi muhim o‘yin
“Manchester Siti” o‘zi uchun omadsiz davom etayotgan mavsumda Chempionlar ligasi pley-offida “Real Madrid”ga ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 6:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Endi Gvardiola shogirdlari bor e’tiborini ichki chempionatga qaratadi. “Manchester Siti” Premer liga nuqtai nazaridan kelib chiqsak, yaxshi kayfiyatda bu o‘yinga yetib kelmoqda. Sababi “shaharliklar” 25-turda “Nyukasl”ni yirik 4:0 hisobida mag‘lub etdi. Jamoa “Liverpul” bilan o‘yinni hayot-mamot jangi sifatida ko‘rmoqda. Chunki shu bahsda Gvardiola va uning shogirdlari mag‘lub bo‘lsa, chempionlik uchun umidini butunlay uzib qo‘yadi. Hozircha “Liverpul” va “Manchester Siti” o‘rtasidagi ochkolar farqi 17 tani tashkil etadi. Matematik jihatdan imkoni bor, ammo bu o‘yindagi mag‘lubiyat mana shu jihatda ham imkon qolmaydi. “Liverpul”dan keyingi raqiblar “Nottingem Forest” va “Tottenxem” bo‘ladi.
Hafta o‘rtasida “Liverpul” “Aston Villa”ga qarshi o‘yinda ochko yo‘qotdi. Ammo eng yaqin ta’qibchisi “Arsenal” o‘z uyida “Vest Xem”ga yutqazdi. “Etihad”dagi o‘yinga qadar ochkolardagi farq 8 tagacha qoldi.
Abduqodir Husanovning maydonga tushish imkoniyati

Markaziy o‘yinga “Manchester Siti” tarkibdagi bir qancha yo‘qotishlar bilan kelmoqda. Himoyachi Maneel Akanji jarohat olib, uzoq muddatga safdan chiqqani yetmagandek, bir necha kun oldin yana bir himoyachi Jon Stounz ham jarohat olgani va operatsiya qilinishi mumkinligi ma’lum bo‘lgandi. Mazkur pozitsiyadagi yo‘qotishlar sabab va Husanovning “Real”ga qarshi mazmunli va ishonchli o‘yini sabab, o‘zbekistonlik futbolchi asosiy tarkibda maydonga tushishi ehtimoli katta. Faqat bir savol tug‘iladi. Himoyaning qaysi qismida? Ko‘pchilikka, xususan, Husanovning o‘ziga ham ma’qulroq variant bu markaziy himoya. Chunki o‘ng qanot himoyaga Mateus Nunes va Riko Lyuis kabi variantlar bor. Markazda esa Ruben Diash va Abduqodir Husanov tandemi ehtimoli katta. O‘zbekistonlik futbolchi uchun ham “Liverpul”ga qarshi o‘yin juda muhim hisoblanadi. Bu o‘ziga bo‘lgan ishonchini yanada oshirib olishiga yordam beradi.
Taxminiy tarkiblar
Odatga ko‘ra, bir nechta nashrlar “Manchester Siti” - “Liverpul” o‘rtasidagi o‘yin boshlanishidan oldin o‘z talqiniga ko‘ra taxminiy tarkiblarni e’lon qiladi.
Dastlab, “One Football”dan boshlaymiz.

“Manchester Siti”: Ederson, Nunes, Ake, Diash, Gvardiol, Niko, Kovachich, De Bryuyne, Savino, Foden, Marmush.

“Liverpul”: Alisson, Trent, Konate, Van Deyk, Robertson, Makallister, Gravenberx, Soboslai, Dias, Gakpo, Saloh.
“Sporting News” talqiniga ko‘ra, taxminiy tarkiblar.
“Manchester Siti”: Ederson, Husanov, Ake, Diash, Gvardiol, Niko, Gyundogan, Bernardu, Foden, Savino, Marmush.
“Liverpul”: Alisson, Trent, Konate, Van Deyk, Robertson, Makallister, Gravenberx, Soboslai, Dias, Jota, Saloh.
“Opta” talqiniga ko‘ra taxminiy tarkiblar.
“Manchester Siti”: Ederson, Lyuis, Diash, Ake, Gvardiol, Niko, Gyundogan, Savino, Foden, Marmush, Xoland.
“Liverpul”: Alisson, Trent, Konate, Van Deyk, Robertson, Makallister, Gravenberx, Soboslai, Dias, Jota, Saloh.
Ko‘rinib turibdiki, uch nashrdan faqat bittasi, ya’ni “Sporting New” nashri o‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanovni asosiy tarkibda, o‘ng qanot himoyasida taxmin qilgan. Albatta, “Real”ga qarshi o‘yindan keyingi xulosasi bo‘yicha. Ammo tarkib bo‘yicha so‘nggi qarorni murabbiy Pep Gvardiola chiqaradi.