Bugun hech kim muxolifatni qo‘poruvchi kuch sifatida tan olmaydi – Safoyev
Intervyu
−
11 Sentabr 2021
10776Muxolifat qulay va yengil qozoniladigan narsa emas. Muxolifat – doimiy kurash. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Buyuk Britaniyaga safari chog‘ida BBC o‘zbek xizmatiga bergan intervyusida gapirgan.
Sodiq Safoyev bilan suhbatda jurnalist Ibrat Safo mamlakatda hukm surayotgan bugungi siyosiy muhit, kutilayotgan Prezident saylovi haqida so‘z ochib, amaldagi davlat rahbari Mirziyoyevning muxolifat xalq orasidan tabiiy ravishda yetishib chiqishi kerakligi haqidagi gaplarini yodga oladi. Ammo Termiz davlat universitetining sobiq rektori, professor Xidirnazar Ollaqulov bilan bo‘lgan voqealar mamlakatda muxolifatning tabiiy ravishda chiqishiga nisbatan to‘siq sifatida ko‘rilishini ifoda etadi. Sodiq Safoyev Xidirnazar Ollaqulov tuzayotgan partiya yetarlicha ovoz to‘play olmaganini aytganda, jurnalist unga “balki, bosimlar sabab imzo to‘play olmagandir”, deya yuzlanadi.
“Bunga men baho berolmayman. Lekin bir narsani aytish kerak: muxolifat qandaydir qulay va yengil qozoniladigan narsa emas. Muxolifat – doimiy kurash. Men o‘ylaymanki, bugun O‘zbekistonda hamma tushunadi: muxolifat – bu jamiyatning barqaror rivojlanishi asosiy faktorlaridan. Busiz yoki tanqidsiz, ya’ni muqobil fikrlarsiz jamiyat rivojlana olmaydi. Bugun O‘zbekistonning jamiyati muxolifat bo‘lishidan manfaatdor”.
Janob Safoyevga ko‘ra, muxolifat qonuniy bo‘lishi va mavjud qonunlarga rioya qilgan holda faoliyat yuritishi kerak.
“Bugun hech kim muxolifatni qo‘poruvchi kuch sifatida tan olmaydi. Va kimdir shunday qiladigan bo‘lsa, bu noto‘g‘ri”.
Uning qayd etishicha, bugun OAV, Parlament va jamoatchilik tizimli muxolifatni barpo etish ustida ishlashi va unga sharoit yaratishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019 yilning 28 dekabr kuni mamlakatda tabiiy ravishda muxolifat yetishib chiqishi kerakligi haqida gapirgan edi. “Men prezident sifatida muxolifatga qarshi emasman, lekin xalqning muammolarini biladigan, barcha muammolarni [xalq bilan] birga boshdan kechiradigan, shu yerning suvini ichib, shu yerning nonini yeydigan [muxolifat] o‘zimizda paydo bo‘lishi uchun muhit yaratish kerak”, degan edi Prezident.
LiveBarchasi