Buenos-Ayresda minglab muxlislar Argentinaning finalga chiqqanini nishonladi
Sport
−
10:43 603 1 daqiqa
Argentina terma jamoasining Jahon chempionati yarim finalida Angliya ustidan qozongan 2:1 hisobidagi g‘alabasidan so‘ng, minglab muxlislar Buenos-Ayres markaziga yig‘ilib, jamoaning finalga chiqqanini keng nishonladi. Bu haqda “Primera Hora” xabar berdi.
Argentina poytaxtining bosh ramzlaridan biri hisoblangan Obelisk atrofida katta olomon to‘plandi. Shu munosabat bilan yodgorlik mamlakat davlat bayrog‘i ranglarida yoritildi. Muxlislar Avenida Nueve-de-Xulio shohko‘chasini to‘liq egallab, qo‘shiqlar kuylashdi, raqsga tushishdi va milliy bayroqlarni baland ko‘tarishdi.
Ayrim muxlislar avtobus bekatlari va yoritish ustunlariga chiqib olgan bo‘lsa-da, navbatchilik qilayotgan politsiya bayram tadbirlariga aralashmagan.
Shaharning boshqa hududlarida ham bayramona muhit hukm surdi. Muxlislar orasida 1982 yilda Argentina va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi qurolli mojaroga sabab bo‘lgan bahsli Folklend (Argentinada Malvina deb ataladi) orollari aks ettirilgan bayroqlar ham ko‘tarildi.
Mazkur hududiy nizo tufayli Angliya va Argentina o‘rtasidagi yarim final uchrashuvi Argentina jamoatchiligi uchun nafaqat sport, balki ramziy ahamiyatga ham ega bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Argentina yarim finalda Angliyani 2:1 hisobida mag‘lub etib, Jahon chempionati finaliga yo‘l oldi. Endi ular joriy yilning 19 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan hal qiluvchi bahsda Ispaniya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
Live
Barchasi