Bu yilgi Haj mavsumida vafot etgan ziyoratchilar ko‘p bo‘lganining sabablari aytildi
Olam
−
24 iyun
15576Haj ziyoratining 2024 yilgi mavsumida vafot etgan ziyoratchilar sonining ko‘pligiga Saudiya Arabistonida kechayotgan issiq ob-havo sharoiti sabab bo‘lgan. Bu haqda BBC xabar berdi.
Qayd etilishicha, quyidagilar bu yilgi mavsumda vafot etganlarning soni ko‘pligiga sabab bo‘lgan:
- Haddan tashqari issiq havo;
- Odamlarning ko‘pligi va sanitariya muammolari;
- Transport muammolari;
- Tibbiy yordamni kechikishi;
- Hujjatsiz ziyoratchilar;
- Keksalar, nogiron yoki kasal hojilar.
Makkada soyadagi havo haroratining o‘zi 51 darajadan oshib ketgan va kechasi faqat vaqti-vaqti bilan 40 darajadan pastga tushgan. Ko‘plab ziyoratchilar, ayniqsa keksalar hamda kasallar soya topib bo‘lmaydigan keng ochiq joylarda jaziramadan saqlanish uchun kurashgan. Tadqiqotlarga ko‘ra, agar o‘rtacha havo harorati 1,5 darajaga ko‘tarilsa, Haj ziyoratida issiqlik urishi xavfi 5 barobar oshishi mumkin.
O‘lim sonining ko‘pligiga ziyoratchilarning orasida keksa, nogiron yoki surunkali kasali borlarning mavjudligi ham omil sifatida ko‘rsatilgan. Ayrim ziyoratchilarning Hajga noqonuniy, tegishli ruxsatnomalarsiz kelgani ham ularning tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini keskin cheklab qo‘ygan. Arab diplomatlaridan biriga ko‘ra, vafot etganlarning 630 dan ortiq misrlik bo‘lib, ularning hech birida tegishli ruxsatnoma bo‘lmagan.
Shuningdek, transport muammolari ham bu yil Haj vaqtida ziyoratchilar jazirama havoda uzoq piyoda yurishlariga sabab bo‘lgan. Ayrim vafot etganlar hatto yetti kilometr yo‘lni soyasiz va bir tomchi suvsiz piyoda bosib o‘tgan.
Ma’lumot uchun, ko‘pchilik ziyoratchilar umrining oxirida Haj ziyoratiga boradi, ba’zilar Haj safarida vafot etishdan umidvor bo‘ladi. Saudiya Arabistonidagi Al-Boqiy qabristoniga Muhammad payg‘ambar asos solgani aytiladi, bu uni musulmonlar uchun orzu qilinadigan dafn joyiga aylantiradi. Agar ziyoratchi Haj vaqtida vafot etsa, uning o‘limi haqida qarindoshlariga xabar qilinadi, ular marhumning shaxsini tasdiqlaydi. Dafn marosimlari mashhur masjidda o‘tkaziladi, ammo qabrlarning o‘zi oddiy, ba’zida bir nechta jasadlar birga dafn etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2024 yilgi Haj mavsumida qancha kishi vafot etgani haqida xabar berilgandi.