Bu yil 3 mln afg‘onistonlik vataniga qaytishi mumkin – BMT
Olam
−
12 iyul 2779 2 daqiqa
Bu yil 3 million nafar afg‘onistonlik o‘z yurtiga qaytishi mumkin. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha (UNHCR) vakili Arofat Jamol ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, bu darajadagi repatriatsiya oqimi allaqachon og‘ir bo‘lgan gumanitar inqirozga kuchli bosim o‘tkazmoqda. Eron va Pokiston afg‘on qochqinlariga ta’sir qiluvchi yangi siyosatni joriy etgan. Eron, xususan, o‘z hududidagi 4 million “noqonuniy” afg‘on fuqarosiga joriy yilning 6 iyuligacha mamlakatni tark etish uchun muddat bergan.
“Biz guvoh bo‘layapmizki, Afg‘onistonga Eron va Pokistondan amalga oshayotgan bu qaytish insoniylikdan yiroq, tartibsiz va ommaviy tarzda sodir bo‘lmoqda. Bu esa ularni qabul qilishga mutlaqo tayyor bo‘lmagan vatanga ulkan bosimni yuzaga keltirmoqda. Bizni eng ko‘p tashvishga solayotgan narsa – bu qaytishlar miqyosi, intensivligi va kechayotgan shartlaridir”, deydi Afg‘onistondagi UNHCR vakili.
Jamolning aytishicha, bu yilning o‘zida Pokiston va Erondan 1,6 milliondan ortiq afg‘on vataniga qaytgan. Ularning katta qismi esa Eron hududidan. Bu ko‘rsatkich UNHCR’ning 2025 yil uchun dastlabki 1,4 millionlik prognozidan allaqachon oshib ketgan.
BMTning Qochqinlar bo‘yicha agentligi endilikda bu yil jami 3 million kishi Afg‘onistonga qaytishini kutmoqda.
UNHCR ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda har kuni 30 mingdan ortiq kishi Eron bilan chegara bo‘lgan Islom Qal’a nazorat-o‘tkazish punktidan Afg‘onistonga o‘tmoqda. 4 iyul kuni esa bu ko‘rsatkich 50 ming kishiga yetgan.
“Bu odamlarning aksariyati to‘satdan haydab chiqarilgan va mashaqqatli, holdan toydiruvchi va kamsituvchi safarni boshdan kechirgan holda yetib kelmoqda. Ular charchagan, adashgan, zo‘ravonlikka uchragan va ko‘pchiligi tushkunlikda”, deydi Jamol.
BMT zudlik bilan suv ta’minoti va sanitariya tizimlarini kuchaytirish choralarini ko‘rib, ular har kuni 7 mingdan 10 minggacha kishiga xizmat ko‘rsatishi kerak. Shuningdek, emlash va oziqlanish xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.
Chegaradan o‘tgan ko‘plab odamlar Eron hukumati tomonidan bosim, hibsga olish va majburan chiqarib yuborilish holatlarini boshdan kechirganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yil boshidan beri 1 milliondan ortiq Afg‘oniston fuqarosi Eron va Pokistondan majburan Afg‘onistonga qaytarilgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi