Eron va Pokiston afg‘onistonliklarni majburan vataniga quvyapti

Olam

image

Joriy yil boshidan beri 1 milliondan ortiq Afg‘oniston fuqarosi Eron va Pokistondan majburan Afg‘onistonga qaytarildi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar ishlari bo‘yicha agentligiga tayanib, “Associated Press” xabar berdi.

Afg‘on qochqinlari 1970 yillardan boshlab tinimsiz qurolli mojarolardan qochib, ommaviy ravishda Eron va Pokistonga ko‘chib o‘tgan. 2020 yillar boshiga kelib Pokistonda taxminan 4 million, Eronda esa 6 million afg‘on yashayotgandi. Ularning ayrimlari qochqin oilalarda tug‘ilgan bo‘lib, hayotida biror marta ham Afg‘onistonda bo‘lmagan. Masalan, Pokistonda afg‘onlarning atigi uchdan bir qismi qonuniy qochqin maqomiga ega, qolganlari esa vaqtinchalik hujjatlarga ega yoki umuman hujjatsiz.

Qayd etilishicha, Eron va Pokistondagi aksar afg‘onlar kam haq to‘lanadigan, malaka talab qilmaydigan ishlarda mehnat qiladi, mahalliy hukumatlar tomonidan kamsitiladi, sog‘liqni saqlash va ta’lim xizmatlariga cheklangan darajada ega. Shunga qaramay, bunday yashash sharoiti ko‘pchilik uchun Afg‘onistondagidan afzalroq.

2023 yilda Eron va Pokiston deyarli bir vaqtda afg‘on qochqinlarini chiqarib yuborish bo‘yicha kampaniyani boshlagan. Bu harakatlar tasodifan bir vaqtda sodir bo‘lgan, ammo har ikki mamlakatda ham bunga asosan ichki omillar – iqtisodiy muammolar va aholining noroziligi sabab bo‘lgan. Bundan tashqari, rasmiylar afg‘on muhojirlarini ekstremistik guruhlar bilan aloqadorlikda ham ayblamoqda.
 
Bugungi kunda deportatsiya jarayoni yanada jadallashgan. Eronda joriy yilning 20 mart kuni afg‘onlar mamlakatni ixtiyoriy tark etishi mumkin bo‘lgan muddat yakunlangan. Pokistonda esa bir necha bor uzaytirilgan muddat kecha, 30 iyun kuni tugagan. Erondan afg‘onlarning chiqib ketishiga Isroil bilan urush ham ta’sir ko‘rsatgan: 26 iyun kunining o‘zida 36,1 ming afg‘on fuqarosi chegarani kesib o‘tgan.

2021 yilda hokimiyatni qo‘lga kiritgan “Tolibon” harakati barcha qochqinlarni qabul qilishga tayyor ekanini omma oldida e’lon qilgan va ularga xavfsizlik kafolatlarini va’da qilgan. Har bir qaytgan afg‘onga vaqtincha uy-joy, o‘z viloyatiga bepul yetkazib qo‘yish xizmati va 2 ming afg‘oni (taxminan 28 AQSH dollari) miqdorida naqd pul berilishi aytilgan.

Ammo gumanitar tashkilotlar qaytarilayotgan afg‘onlarni qo‘llab-quvvatlash uchun zarur mablag‘larning yetishmasligini ta’kidlamoqda. Bu holat, birinchi navbatda, USAID moliyalashtirishining qisqarishi bilan bog‘liq. BMT ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil birinchi yarmida Afg‘onistonga gumanitar yordam dasturi uchun ajratilgan mablag‘lar yillik ehtiyojning atigi 18 foizini tashkil qilgan.

Huquq himoyachilarini ayniqsa ayollar va qizlarning taqdiri tashvishga solmoqda. “Tolibon” hokimiyatga qaytgach, Afg‘onistonda ular uchun o‘rta va oliy ta’lim taqiqlangan. Eron va Pokistondan qaytarilayotganlar orasida ayollar va qizlar 70 foizgacha bo‘lishi mumkin.

Huquq faollari Islomobod va Tehronni deportatsiyalarni to‘xtatishga chaqirib, Afg‘onistonda ko‘plab qaytganlarga jiddiy xavf tahdid solishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28-29 may kunlari Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining migratsiya vazirligi “noma’lum sabablarga ko‘ra” 49 nafar afg‘on muhojiri Tojikistondan deportatsiya qilinganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Pokiston qochqinlar Afg'oniston fuqarosi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing