Bu – terakt. Putin Qrimdagi portlash aybdorlari kimligini aytdi

Olam

image

Rossiyani Qrim yarimoroli bilan bog‘lochi Kerch (Qrim) ko‘prigining buzilishi mualliflari, buyurtmachilari va ijrochilari Ukraina maxsus xizmatlari bo‘lgan. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin bilan uchrashuvda shunday fikr bildirib, hodisani terakt deb baholadi.

“Bu o‘rinda hech qanday shubha yo‘q. Bu Rossiyaning o‘ta muhim fuqarolik infratuzilmasini yo‘q qilishga qaratilgan terakt”, deya ta’kidlagan u.

Tergov qo‘mitasi rahbari “Terrorizm” moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Shuningdek, u davlat rahbariga portlashni tayyorlashda ishtirok etgan gumonlanuvchilarning shaxsi aniqlangani haqida ma’lumot berdi.

“Biz portlash sodir bo‘lgan yuk mashinasining yo‘nalishini allaqachon aniqladik. Bular Bolgariya, Gruziya, Armaniston, Shimoliy Osetiya, Krasnodar. Tashuvchilar aniqlandi. FXX (Federal xavfsizlik xizmati – tahr.) tezkor xodimlari yordamida terrorchilik xurujiga tayyorgarlik ko‘rishi mumkin bo‘lgan shaxslar orasidan gumonlanuvchilarni aniqlash mumkin bo‘ldi”, deydi Bastrikin.

Tergov qo‘mitasi raisining aniqlik kiritishicha, portlashni tashkil etishda Ukraina maxsus xizmatlari ham, Rossiya va xorijiy davlatlar fuqarolari ham ishtirok etgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda tergovchilar jinoyatning maqsad va vazifalarini aniqlashda davom etmoqda. Mavjud barcha dalillar, bu yirik fuqarolik infratuzilma ob’ektini yo‘q qilishga qaratilgan terrorchilik harakati ekanligini ko‘rsatadi, deydi Bastrikin.

Eslatib o‘tamiz, 8 oktyabr kuni Qrim ko‘prigida portlash yuz berdi va natijada poyezdagi sisternalarda yong‘in chiqdi. Rossiya huquq-tartibot idoralari ko‘prikda yuk mashinasi portlatilganini ma’lum qildi. Qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q.

Hodisa yuzasidan Rossiya Tergov qo‘mitasi jinoiy ish ochdi.

Ukraina Prezidenti devoni rahbarining maslahatchisi Mixail Podolyak hodisaga munosabat bildirib, bu boshlanishi ekanini, noqonuniy qurilgan barcha narsa yo‘q qilinishini ta’kidladi.

Prezident Vladimir Putin buyrug‘i bilan hodisani o‘rganish uchun hukumat komissiyasi tuzildi. Hodisa oqibatida uch kishi halok bo‘ldi.

Qrim ko‘prigi Rossiyadagi eng uzun ko‘prik bo‘lib, uning uzunligi 19 kilometrni tashkil qiladi. Avtomobil qismi 2018 yil may oyida foydalanishga topshirilgan. 2019 yil dekabr oyida esa uning temir yo‘l qismi bo‘ylab birinchi poyezdlar harakatlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

360

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing