Bu sizga trali vali emas! O‘zbekistonda skuter va velosipedga ham cheklov o‘rnatildi
Jamiyat
−
05 aprel 2020
24267Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining joriy yil 28 martdagi qaroriga ko‘ra, 30 mart soat 06:00 dan 20 aprel soat 00:01 ga qadar viloyatlararo, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida Davlat xizmatlari markazlari tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnoma (stiker)larsiz avtomobil boshqarish taqiqlandi.
Ushbu qaror qabul qilingach, ko‘pchilik Davlat xizmatlari markazlaridan maxsus ruxsatnoma (stiker) olishga muvaffaq bo‘ldi. Yana ko‘pchilik stiker uchun yetarli sabab va vaj keltirib berolmagani uchun undan bebahra qoldi. Ayrimlar esa mamlakatda koronavirus xavfi sabab o‘rnatilayotgan cheklovlarni ko‘ngilxushlikka aylantirishda davom etmoqda. Stiker ololmaganlarning ko‘p qismi ko‘chalarda velosiped va mototransport (skuter)da harakatlanishda davom etmoqda. Endi bu ham cheklanadi.
O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi 4 apreldagi qaroriga binoan Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida 2020 yil 6 aprel soat 06-00 dan e’tiboran mototransport (skuter) hamda velosipedda harakatlanish karantin davrida vaqtincha cheklanadi.
Bunda faqatgina hayotiy zarur ehtiyojlar – oziq-ovqat, dori-darmon, tibbiy buyum va vositalar xarid qilish, shifokor ko‘rigiga murojaat etish, shuningdek, ish joyiga borish va kelish uchun ruxsat etiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha koronavirusga chalinganlar 266 nafarga yetdi. Ularning 25 nafari davolandi, 2 nafari vafot etdi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi