“Bu sharmandalik”: Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi to‘qnashuvga dunyo qanday munosabat bildirdi?
Olam
−
07 may 2025 15807 3 daqiqa
Bugun, 7 mayga o‘tar kechasi tunda Hindiston Pokistonga raketa zarbasi yo‘lladi. Islomobod buni urush harakati deb atab, javob zarbalari berdi. Mojaroning keskinlashuviga BMT, AQSH, Xitoy, Qirg‘iziston va Isroil munosabat bildirdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bayonotida ikki davlat qurolli kuchlarini bosiqlikka chaqirdi.
“Dunyo Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi harbiy to‘qnashuvga yo‘l qo‘ya olmaydi”, dedi u.
NBC News xabariga ko‘ra, AQSH Milliy xavfsizlik kengashi vaziyatdan xabardor ekanini bildirgan. Davlat kotibi Marko Rubio ikki davlatdagi hamkasblari bilan suhbatlashgan.
“U Hindiston va Pokiston yetakchilari o‘rtasidagi aloqa kanalini tiklashga chaqirmoqda. Bu vaziyatni yumshatish va yana kuchayishining oldini olish uchun zarur”, dedi AQSH Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Brayan Xyuz.
Bungacha esa jurnalistlar bilan suhbatda AQSH Prezidenti Donald Tramp mojaroga “bu sharmandalik”, deya izoh bergan va bu juda tez yakun topishiga umid bildirgan.
Xitoy har ikki davlat bilan chegaradosh bo‘lgan mamlakat sifatida zarbalarni “achinarli” deb atagan va har ikki tomon “tinchlik va barqarorlik yo‘lida harakat qilishi lozimligini” ta’kidlagan.
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov ham Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi mojaroning keskinlashuvi borasida xavotir bildirdi.
“Biz Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo bo‘lgan do‘st davlatlar – Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi ziddiyat kuchayib borayotganidan chuqur xavotir bildiramiz”, deyiladi Prezident bayonotida.
U har ikki tomonni maksimal darajada bosiqlik ko‘rsatishga, mojaroni yanada kuchaytirishga yo‘l qo‘ymaslikka va tinch yo‘l bilan hal etish uchun muzokaralarga qaytishga chaqirgan.
Isroil Tashqi razvedka xizmati Mossad ham mazjur voqealardan so‘ng munosabat bildirib, Isroil Hindistonni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
“Isroil Hindistonni qo‘llab-quvvatlaydi”, deya bayonot berdi Mossad.
Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi vaziyatning keskinlashuvi
22 aprel kuni Hindistonning Kashmir hududida qurollangan shaxslar sayyohlar guruhiga o‘q uzdi. Oqibatda 20 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Voqea sodir bo‘lgan Pahalgam shahri mashhur sayyohlik maskani hisoblanadi. U Hindiston va Pokiston da’vo qilayotgan bahsli hududda joylashgan.
Hindiston hukumati Kashmirdagi teraktdan keyin o‘tkazilgan favqulodda yig‘ilishda Pokistonga nisbatan keng ko‘lamli diplomatik va viza blokadasi joriy etishga qaror qildi. Yig‘ilish yakunida Hindiston 1960 yilda tuzilgan Hind daryosi bo‘yicha suv bitimini to‘xtatishga qaror qildi. Bundan tashqari, Pokiston bilan yagona rasmiy quruqlikdagi chegara punkti – Attari yopildi. Pokiston fuqarolariga vizasiz kirish dasturi to‘xtatildi va ikki davlatdagi diplomatik xodimlar soni qisqartirildi.
Shundan so‘ng Pokiston hukumati Hindistonning suv oqimini to‘xtatish yoki burib yuborishga urinishi harakatini “urush harakati” sifatida baholashini bildirdi.
Keyinchalik Pokiston Mudofaa vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda Hindistonga qarshi urushga tayyorligini bildirib, bir qator bayonotlar va videolar e’lon qildi
30 aprel kuni Pokiston Axborot vaziri ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida Hindiston ularni 24-36 soat ichida hujum qilishni rejalashtirayotgani haqida ishonchli razvedka ma’lumotlari borligini aytdi. Hindiston bu bayonotga izoh bermadi. Shu bilan birga, OAV Pokiston Hindiston bilan chegarada 6 bor o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzganini xabar qildi.
Live
Barchasi