“Bu mening ishim emas”. Usmonov Rossiya-Ukraina mojarosi haqida 

Olam

image

Rossiyalik milliarder, USM xolding asoschisi va eng yirik aksiyadori Alisher Usmonov Italiyaning “TGcom24” telekanaliga intervyu berib, Rossiya-Ukraina urushiga munosabat bildirdi.

Usmonovning aytishicha, urushga munosabat bildirish uning ishi emas! 

Urushning taassurotlari haqida gap ketganda, hamma uchun bu avvalambor zarba.

“Qanday qilib biz sodir bo‘layotgan voqealardan hayratga tushmasligimiz mumkin? XXI asrda urush insoniyatning maqsadlari nuqtai nazaridan hech kimga foyda keltirmaydi. Ammo bu mening ishim emas, men siyosatchi emasman, siyosat qilishni xohlamayman. Va shuning uchun men har qanday mojaro tinchlikda, eng muhimi, qurbonlarsiz yakunlanishi kerak, deb o‘ylayman”, degan Usmonov jurnalist savoliga javoban.

U ertami-kechmi mojarolar tugashiga va qonun tiklanishiga umid qilishini bildirgan. Shuningdek, Yevropada hurmat qozonishiga, butun dunyoda tan olinishiga, hayotini behuda o‘tkazmaganiga ishonishini aytgan.

“Kelajakda men odamlarga, insoniyatga, mamlakatlarga, shu jumladan, O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikistonga yordam berishga harakat qilaman. Va men, albatta, Italiyaga, hech bo‘lmaganda Arzachena shahriga, hech bo‘lmaganda Sardiniya viloyatiga yaxshilik qilishga harakat qilaman”, deya kelgusidagi rejalari haqida gapirgan u.

Bundan tashqari, Alisher Usmonov Italiyaning “TGcom24” telekanaliga Italiyani sevishi haqida ham gapirib o‘tgan.

“Mening eng katta muhabbatim Sardiniya. Italiyaning ushbu mintaqasi sharqiy populyatsiyalarning izlarini ham saqlaydi. U yerga birinchi marta kelganimda, vatanimda, O‘zbekistonda ko‘rgan va eshitadigan odamlarning ruhi va alohida qadr-qimmatini his qildim. Men bilgan ko‘plab italiyaliklar va men orttirgan do‘stlarim Alisher Usmonovga o‘xshagan odamdan voz kechmaganidan g‘ururlanaman. Men chin dildan barchaga minnatdorlik bildiraman. Bu italiyaliklarning haqiqiy do‘st ekanligining yana bir tasdig‘i edi”, deya fikrlarini yakunlagan milliarder.

Ma’lumot uchun, Alisher Usmonov “Metalloinvest”, “Udokan mis” va “Megafon”ni o‘z ichiga olgan USM guruhining asoschisi va eng yirik aksiyadori hisoblanadi. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, u Rossiyaning eng boy milliarderlari ro‘yxatida yettinchi o‘rinni egallaydi. Uning boyligini jurnal 11,5 milliard dollarga baholamoqda.

Biroq o‘tgan 2022 yil Usmonov uchun ancha talafotli bo‘ldi. Milliarder 24 fevraldan beri Ukraina, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Yevropa Ittifoqi Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining sanksiya ro‘yxatiga kiritildi.

Noyabr oyida Germaniya hukumati unga tegishli deb hisoblangan, qiymati besh million yevro bo‘lgan 30 ta asl san’at asarlari, jumladan, rassom Mark Shagalning asarini musodara qilgan edi.

Bundan tashqari, mart oyida sanksiyaga uchragan uning 600 million dollarlik “Dilbar” yaxtasi ham Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi sababli keyinroq tortib olingan. 

Dekabr oyida esa Ukrainada rossiyalik oligarx Alisher Usmonov kompaniyasining 160 ming tonnadan ortiq qariyb 54 million dollarlik Ukraina temir rudasi saqlanayotgan yer osti omborlari hibsga olingani haqida xabar berildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Alisher Usmonov o‘zini Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi boshqaruv byurosidan chiqarib yuborishni so‘rab, pensiyaga chiqmoqchi ekanini ochiqlagan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Usmonov milliarder

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing