“Bu masalaga, o‘lmasak, 10 yildan keyin qaytamiz”. Deputatlar Qodirovning til bo‘yicha taklifini “sindirdi”

Jamiyat

image

Bugun, 27 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Bu haqda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov ma’lum qildi.

Deputatga ko‘ra, asosiy tortishuv qonun loyihasining 13-moddasi ustida bo‘lgan. Qo‘mita tomonidan quyidagi tahrir taklif qilingan:

“13-modda. 

Jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari va davlat muassasalari, ularning mansabdor shaxslariga davlat tilida va boshqa tillarda murojaat qilish huquqi ta’minlanadi.

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga javoblar mumkin qadar murojaat etilgan tilda bayon qilinadi”

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi quyidagi taklifni ilgari surgan:

“13-modda. 

Jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari va davlat muassasalari, ularning mansabdor shaxslariga davlat tilida va boshqa tillarda murojaat qilish huquqi ta’minlanadi. 

Boshqa tillarda murojaat qilingan taqdirda murojaat matnining davlat tiliga tarjimasi ilova qilinishi shart.

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga javoblar davlat tilida bayon qilinadi.”

Qodirov MTDP fraksiyasining taklifini qo‘llab-quvvatlash uchun sabablar ham keltirgan. Bular:

1. Qonunni tashabbus qilinishidagi maqsadlardan biri davlat tilini rivojlantirish va davlat tiliga nisbatan hurmatni oshirishdan iborat. Fuqarolar va davlat idoralari orasidagi muloqotda davlat tili eng faol qo‘llaniladi. Bugungi kungacha ushbu muloqotda davlat tilidan foydalanish uchun zarurat bo‘lmaganligi sababli o‘zbek tilini o‘rganishga ehtiyoj deyarli bo‘lmagan. Har qanday til rivojlanishi uchun faol qo‘llanilishi zarur. 

Ko‘pgina rivojlangan davlatlarda bu masalada jiddiy talablar qo‘yilgan (quyida keltiriladi).

2. Amalda taklif qilinayotgan modda ma’qullansa, davlat organlari va muassasalarida xorijiy tillarda qilingan murojaatlarni o‘zbekchaga va javob xatini xorijiy tilga tarjima qilish bilan shug‘ullanadigan alohida xodim shtati joriy qilinishi kerak. Alohida tarjimonlik shtati byudjetdan qo‘shimcha xarajat talab qiladi. Qonun tashabbuskorlari bu masalada Moliya vazirligi bilan kelishmagan. Qolaversa, amaldagi qonunchilikda davlat xizmatchisiga xorijiy til bilish talabi qo‘yilmagan, shu sababli xodim boshqa tilda qilingan fuqaro murojaatini ko‘rib chiqishni rad etish huquqiga ega bo‘ladi.

3. Amaldagi mehnat qonunchiligida xodimni ishga qabul qilmaslik yoki ishdan bo‘shatishga xorijiy tilni bilmaslik sabab bo‘lmaydi, lekin belgilangan vazifani bajarishga malaka yetarli bo‘lmaganligi sabab ishdan bo‘shatilishi mumkin. Belgilanayotgan norma ish beruvchiga istagan xodimini xorijiy tilda murojaatlar bilan ishlash malakasiga ega emasligini sabab qilib ko‘rsatib ishga qabul qilmaslik yoki ishdan bo‘shatish uchun asos yaratadi.

4) “...mumkin qadar” degan noaniq mezon murojaat qilingan tilda javob berilmagani uchun qilinadigan e’tirozning oldini olmaydi. Fuqaro murojaat qilingan tilda javob berishni talab qilishga haqli bo‘ladi.

Muhokamalar natijasida “Milliy tiklanish” DP fraksiyasining taklifi qabul qilinmagan. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, 58 nafar deputat taklifni ma’qullagan, 48 nafari qarshi bo‘lgan, 5 nafari betaraf qolgan va 12 nafari esa ovoz bermagan.

“Bir hamkasbimizning “bizga va farzandlarimizga o‘zbek tilini o‘rganish qiyin, biz o‘z tilimizda murojaat qilishni hohlaymiz” degan gapi ham g‘ururiga tegmagan 65 ta deputat...

O‘zbek tili ojiz... Bu masalaga, o‘lmasak, 10 yildan keyin qaytarkanmiz. Hozircha uzr, ovozimiz kamlik qilayapti”, deya nadomad bilan so‘zini yakunlagan Qodirov.


Maqola muallifi

Teglar

davlat tili Alisher Qordirov

Baholaganlar

397

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing