Qirg‘izistonda davlat tilini bilmagan amaldorlar jarimaga tortiladi

Olam

image

Qirg‘izistonda davlat xizmatchilari va qator mutaxassislar uchun qirg‘iz tilini bilish majburiy bo‘ladi. Bu haqda Qirg‘iziston davlat tili haqidagi qonunlarga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasida so‘z boradi.

Unga muvofiq, Jogorku Keneshi deputatlari, Vazirlar mahkamasining raisi va a’zolari, Konstitutsiyaviy, Oliy va mahalliy sudlarning sudyalari, prokurorlar, tergovchilar, Milliy bank xodimlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va milliy xavfsizlik idoralari xodimlari qirg‘iz tilini bilishlari shart bo‘ladi.

Qolaversa, advokatlar va notariuslar ham tegishli darajada qirg‘iz tilini bilmasalar, litsenziya ololmaydi.

Shuningdek, televideniye va radioda davlat tilida beriladigan efir hajmining kamida 60 foizi qirg‘iz tilida bo‘lishi shart.

Shu bilan birgalikda, tashqi migratsiya to‘g‘risidagi qonunga ham o‘zgartirish kiritilgan. Unga ko‘ra, davlat tilini yetarli darajada bilmagan fuqarolarga muqim yashash uchun ruxsatnoma berilmaydi. Qirg‘iz tilini bilmagan chet el fuqarosi immigrant maqomini ham ololmaydi.

Davlat tilida tayyorlangan reklama matnlari mahalliy ijro organlari tomonidan orfografiya va qonun talablariga muvofiqligi bo‘yicha tasdiqlanishi lozim.

Qonun talablarini buzgan jismoniy shaxslarga 5 ming som (714 ming 750 so‘m), yuridik shaxslarga esa 17 ming som (2 mln 430 ming 150 so‘m) jarima belgilangan. Bu choralar faqat umumiy til talablariga tegishli bo‘lib, maxsus me’yoriy hujjatlar asosida belgilangan talablarga taalluqli emas.

Bildirilishicha, nazorat va jarimalarni Qirg‘iz tili va til siyosati bo‘yicha Milliy komissiya amalga oshiradi.
Ushbu qonun loyihasi ikkinchi va uchinchi o‘qishda ma’qullangan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Jogorku Keneshida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida deputatlar milliy an’analar va tarixiy merosni aks ettiruvchi familiyalarning yangi imlo variantlarini joriy etishni uchinchi o‘qishda ma’qullagandi. Qonun loyihasi mualliflaridan biri, deputat Mirlan Samemko‘joning tushuntirishicha, hujjat fuqarolarning oxiri ruscha bo‘lmagan familiyalarni tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishi uchun ishlab chiqilgan. Aytish joizki, familiya va ota ismining amaldagi imlosi saqlanib qoladi. -ov, -yev, -vich, -vna qo‘shimchalari qoladi, ular faqat fuqarolarning iltimosiga binoan o‘zgartirilishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston davlat tili

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing