“Bu kuchli signal bo‘ladi”. Zelenskiy Baydenni Kiyevga chaqirdi
Olam
−
14 fevral 2022
23185Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH Prezidenti Jo Baydenni Kiyevga taklif qildi. Bu haqda Ukraina davlat rahbarining saytida xabar berilgan.
Zelenskiy kecha, 13 fevral kuni Bayden bilan telefonda gaplashgan.
“Ishonchim komilki, sizning yaqin kunlarda Kiyevga kelishingiz kuchli signal bo‘ladi va vaziyatni yumshatishga hissa qo‘shadi”, degan Zelenskiy.
CNN Ukrainaning yuqori martabali mulozimiga tayanib xabar berishicha, Zelenskiy Baydendan “imkon qadar tezroq” mamlakatga kelishni so‘ragan, biroq u rozi bo‘lmagan. AQSH rasmiylariga ko‘ra, Prezidentning Ukrainaga safari “ehtimoli yo‘q”.
Telekanal suhbatdoshining aytishicha, Ukraina rahbari Baydenga qo‘ng‘iroq qilib, “Rossiya tahdidini kamaytirish bo‘yicha aniq g‘oyalar”, jumladan, Kiyevga harbiy va moliyaviy yordam ko‘rsatishni taklif qilgan.
Ukraina Prezidenti Baydenga mamlakat voqealarning har qanday rivojlanishiga tayyor ekanini aytgan va Kiyev, Xarkov, Lvov, Dnepr, Odessa va Ukrainaning boshqa shaharlari ishonchli himoya ostida ekanligiga ishontirgan.
Davlat rahbari Baydenga Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirgan va Kiyevga “samarali xavfsizlik kafolatlarini taqdim etish muhimligini” qayd etgan.
“Biz ularni turli formatlarda muhokama qilishga tayyormiz”, degan Zelenskiy va xavfsiz Ukrainasiz xavfsiz Yevropa bo‘lishi mumkin emasligini ta’kidlagan.
Shuningdek, 12 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Bayden bilan telefon orqali gaplashgan. Rossiya yetakchisi Baydenga G‘arb Minsk kelishuvlarini amalga oshirish uchun Kiyevga kerakli bosim o‘tkazmayotganini ta’kidlagan.
Ukraina atrofidagi vaziyat kun sayin o‘zgarib bormoqda. AQSH va G‘arb davlatlari Rossiyani bosqinga tayyorlanishda ayblab kelyapti. AQSH Prezidenti Bayden shaxsan o‘zi Moskva 16 fevral kuni hujum boshlashini aytdi. 30 dan ortiq davlatlar fuqarolaridan Ukrainaga bormaslikni so‘ramoqda. AQSH Kiyevdagi elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilishni boshlagan.
O‘z navbatida, Moskva Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi ayblovlarni rad etmoqda. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya urush holatida emasligini va Ukraina bilan urush qilish niyatida emasligini aytmoqda. Vazir, shuningdek, AQSH va uning ittifoqchilarini Rossiyaga qarshi “tashviqot kampaniyasi” boshlaganlikda ayblab, bunday harakatlar Kiyevni mamlakat sharqidagi vaziyatni harbiy yo‘l bilan hal qilishga undashidan ogohlantirdi.
LiveBarchasi