Bu ishlarga qachon “tochka” qo‘yamiz? – Norboyeva SSV Prezident topshirig‘ini bajarmay kelayotganini aytdi

Jamiyat

O‘zbekistonda ayollarning o‘z joniga qasd qilish holatlari soni ortib bormoqda va Sog‘liqni saqlash vazirligi uning sabablari bilan emas, oqibatlari bilan shug‘ullanmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi – Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya raisi Tanzila Norboyeva komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida so‘z ochdi. 

Norboyevaga ko‘ra, ikki yil avval Prezident Shavkat Mirziyoyev Sog‘liqni saqlash vazirligiga ayollar orasidagi o‘z joniga qasd qilish holatlarining sabablarini bartaraf qilish masalasida topshiriqlar bergan. Biroq, vazirlik bugungacha bu topshiriq ijrosi bilan shug‘ullanmagan. 

O‘zbekiston ayollarining kayvonisi Norboyeva so‘zida davom etarkan, dunyo miqyosidagi suitsid masalalari bilan ham Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti shug‘ullanishi, shu ma’noda O‘zbekistonda ham bu yo‘nalishni tahlil va tadqiq qilish SSVning vazifasi ekanini urg‘uladi. 

“2018 yilda davlat rahbariga “suitsidga faqat xotin-qizlar qo‘mitasi mas’ul bo‘la olmaydi”, deb aytgandim. Yaxshilab o‘ylab ko‘rsak, suitsid masalasi bu insonning psixologiyasi bilan bog‘liq. Bundan kelib chiqadiki, bu tibbiy yo‘nalishdagi muammo. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘z standartlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha suitsid (o‘z joniga qasd qilish) holatlari bilan shug‘ullanadi va bor mas’uliyatni ham shu tashkilot oladi. Suitsid holatlarini o‘rganib, uning sabablari va o‘z joniga qasd qilishning oldini olish bo‘yicha tahlil qiladi”, deydi Senat raisi.


QALAMPIR.UZ tahliliga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda xotin-qizlar orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari asosan 30-35 yoshgacha bo‘lgan ayol va qizlar o‘rtasida uchramoqda. Qizlar orasidagi o‘z joniga qasd qilish holatlarining aksariyati esa psixologik o‘zgarishlar, aldanib qolish bilan bog‘liq. 

Tanzila Norboyeva o‘z joniga qasd qilish holatlarini bir ona va ayol o‘laroq yuzida achinish hissi bilan tilga olarkan, Prezident Mirziyoyev SSVga bu holatlarning sabablarini o‘rganish va ishni shu asosida tashkil qilish bo‘yicha topshiriq berganini, biroq bu topshiriqlar bajirilmay kelayotganini esladi. 

“Suitsid bo‘yicha Prezidentga axborot berilganidan so‘ng, qaror asosida Sog‘liqni Saqlash vazirligiga topshiriq berilgan. Lekin shu kunga qadar vazirlik bu bo‘yicha birorta ish qilgani yo‘q. O‘z joniga qasd qilishning oldini olish bo‘yicha na suitsidolog, na ruhiyat bilan ishlaydiganlar hech qanday ish olib bormayapti.

Buning o‘z standartlari bo‘lishi kerak. U standartlarni hammaga aytib, unga qarshi qattiq kurash olib borishimiz shart. Lekin bizda shu kurash yo‘q. Mutlaqo yo‘q! Biz faqat suitsid oqibatlari bilan ishlayapmiz. Kimdir o‘z joniga qasd qilganidan keyin borib, uni nega bunday qilmoqchi bo‘lganini so‘raymiz. 

O‘lmay qolgan bo‘lsa, unga yordam beramiz, olamdan o‘tganlarining oila a’zolarini tinchlantirishga harakat qilamiz. Biz faqat shu bilan ishlayapmiz, xolos. Qanday muammo bo‘lishidan qat’i nazar uning oldini olish va sabablari bo‘yicha ishlashimiz zarur. Bizda muammoning sabablarini kim aniqlaydi, deb savol berilsa, bunga hech kim, hech qaysi tashkilot javob bera olmaydi”, deydi Norboyeva.

Yig‘ilishda Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Feruza Eshmatovaga suitsid masalasini atroflicha o‘rganish va bu bo‘yicha qo‘mita majlisida eshituv tashkil etish, o‘z joniga qasd qilish holatlari yuzasidan kim qanday ish olib borishi kerakligi va xalqaro tajribalarni o‘rganish bo‘yicha topshiriq berildi. 

 
“O‘zbekistonda o‘z joniga qasd qilish holatlarini oldini olish uchun nima ishlar qilish kerak, degan savolga javob topish zarur. Suitsidni kamaytirish bo‘yicha ishni boshlamasak, bu holat bugun ham, ertaga ham davom etaveradi. Muammoni oldini olmas ekanmiz, 2021 yilda ham o‘z joniga qasd qilish holatlari yuz bergani haqida gapiraveramiz. Bu ishlarga qachon “tochka” qo‘yamiz?

Bu bo‘yicha qaysi tashkilot shug‘ullanadi, kim nima ish qiladi, hammasini rejalash kerak. Nodavlat notijorat tashkilotlar bizga juda ham katta yordam beryapti. Bundan tashqari, jurnalist va blogerlar berayotgan xabarlar ham ko‘zimizni ochishi kerakmasmi? Nima uchun buni aniq o‘ylab, kim nima ish qilishi kerakligi bo‘yicha bir to‘xtamga kela olmaymiz?”, deydi Tanzila Norboyeva.


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva o'z joniga qasd qilish Suitsid

Baholaganlar

84

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing