Bu boshlanishi. Kanada Erondan 107 million dollar undirmoqchi 

Olam

image

Kanadaning Ontario provinsiyasi sudi Erondan 107 million dollar undirishga qaror qildi. Gap Tehron yaqinida Ukraina xalqaro havo yo‘llari samolyoti halokatida halok bo‘lganlarning oilalariga tovon puli berish haqida ketmoqda.

Xususan, Ontario Oliy sudi sudyasi Edvard Belobaba aviahalokatda halok bo‘lgan Kanadaning 63 fuqarosidan olti nafarining merosxo‘rlariga 100 million dollar miqdorida tovon puli to‘lash haqida qaror chiqargan. Sudya qaroriga ko‘ra, Eron tomoni boquvchisini yo‘qotganlarga yana 1 million dollar va ma’naviy tovon sifatida 6 million dollar to‘lashi kerak. 

Da’vogarlarning advokati Mark Arnold CBC telekanaliga bergan intervyusida himoyachi kompensatsiyani undirish uchun hamma narsani qilishga tayyorligini aytgan. Arnoldning so‘zlariga ko‘ra, uning jamoasi Eronning Kanadadagi va xorijdagi aktivlari uchun ariza berish niyatida. 

Advokatning qo‘shimcha qilishicha, Eronning boshqa mamlakatlarda neft tankerlari bor. 

“Oilalarga tovon puli undirish uchun qonuniy kurash davom etadi. Uning ikki jihati bor: biz yakka tartibda kurashyapmiz, ammo Kanada hukumati o‘zi qilishi kerak bo‘lgan ishni qilmayapti. Men Bosh vazir Tryudoni (Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo) oilalar kurashini qo‘llab-quvvatlashga chaqiraman”, degan u. 

Boeing 737 samolyoti halokati 

2020 yil 8 yanvar kuni Ukraina xalqaro havo yo‘llari aviakompaniyasining Boeing-737 samolyoti Tehron aeroportidan havoga ko‘tarilganidan so‘ng halokatga uchradi. Samolyot bortidagi 176 kishining barchasi halok bo‘lgan. Samolyot yo‘lovchilari orasida Ukraina, Eron, Kanada, Shvetsiya, Afg‘oniston, Buyuk Britaniya fuqarolari ham bo‘lgan. 

Avvaliga Eron tomoni avariya samolyotdagi texnik nosozlik tufayli sodir bo‘lganini ta’kidlagan. Biroq 11 yanvar kuni Eron rasmiylari samolyot Eronning havo mudofaa tizimi tomonidan yanglishib urib tushirilganini tan olgan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron aviahalokat Kanada

Baholaganlar

324

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing