Bu BMT uchun so‘nggi sessiya…mi?

Tahlil

G‘azo sektorida xalqaro huquq va tartib ayanchli taqdirga yuz tutayotgan bir paytda jahon yetakchilari Birlashgan Millatlar Tashkilotining 79-sessiyasida ishtirok etish va unda nutq so‘zlash uchun tashkilotning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasiga yig‘ildi. Ayni damda ushbu sessiya yer yuzida inson huquqlari poymol bo‘lishi va Yaqin Sharqdagi bosqinchi Isroil jaholatining eng rasvo ko‘rinishda yuzaga chiqish paytida o‘tkazilmoqda. Darhaqiqat, o‘tgan yili BMT Bosh Assambleyasining so‘nggi yig‘ilishi yakunlaganidan ikki hafta o‘tib, HAMAS bahonasida G‘azoda Isroilning tinch aholiga terrori boshlangandi desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Joriy yilda bo‘layotgan Assambleya yakuniga yetganidan roppa-rosa ikki hafta o‘tib, Isroil genotsidi o‘zining qonli 1 yoshiga to‘ladi va u hali ham to‘xtamadi, to‘xtatilmadi yoki to‘xtatishni xohlashmayapti. Shuningdek, bu Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqini boshlangandan buyon BMTning uchinchi sessiyasi hisoblanadi. Tashkilot mazkur bosqin startidan to bugungacha bo‘lgan davr ichida, bosqin paytlari yopilib qolgan don yo‘lagini ochib,  dunyoning katta qismini ochlikdan saqlab qolishda ishtirok etishdan boshqa aytarli ishni amalga oshira olmadi. Aslida u voqeada BMTning faqat nomi qatnashgandi xolos, asosiy tashabbus va harakat egasi esa Turkiya Prezidenti Erdo‘g‘anga tegishli bo‘lgani hech kimga sir emas. Xullas, bu yilgi Bosh Assambleyaga hilvirab qolgan holda yetib kelgan BMTda 87 nafar davlat rahbari, 45 nafar hukumat rahbari, ikkita valiahd shahzoda va boshqa rasmiylar so‘zga chiqishi belgilangandi. Kun tartibidagi asosiy masalalar esa kutilganidek G‘azodagi qirg‘in, 3 yildan buyon davom etib, oxiri ko‘rinmayotgan Rossiyaning Ukrainaga bosqini va BMTdagi vakolati cheklanmagan tuzilma – Xavfsizlik Kengashini isloh qilish haqida ham nutq so‘zlashdi. Quyida esa BMT minbaridan yangragan achchiq haqiqatlar, bugun ushbu xalqaro tashkilotga yetishmayotgan dadillik, bunga sabab bo‘layotgan omillar, uning davosi yo‘q dardga chalingani va o‘z ajdodi bo‘lgan Millat Ligasining ayanchli taqdirini izma-iz takrorlayotgani haqida atroflicha to‘xtalamiz.

G‘azoda “jon taslim qilayotgan” BMT

Birlashgan Millatlar Tashkilotining mazkur aktiv haftaligida taxmin qilinganidek, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an katta sahnaga chiqdi. Rossiyaning Ukrainaga bosqini tufayli kelib chiqqan global beqarorlik sharoitida o‘ta barqaror balansda “raqsga tushib” kelgan Erdo‘g‘an, endilikda G‘azo uchun asosiy jarchiga aylandi. Shu va boshqa masalalar yuzasidan Turkiya yetakchisining so‘nggi bir yil ichida BMT minbaridan turib dunyo hamjamiyatiga yetkazmoqchi bo‘lgan gaplari ancha to‘planib qolganini ko‘rdik. 24 sentyabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasida so‘z ochgan Erdo‘g‘anning asosiy mavzusi BMTning falajlanganligi hamda Isroilning G‘azodagi g‘ayriinsoniy jinoyatlari bo‘ldi. Turkiya Prezidenti har doimgidek, BMTning harakatsiz va ishlashdan deyarli to‘xtagan tashkilotga aylangani, bugun u islohotga muhtojligini aytib, tashkilotdagi Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolik bilan bog‘liq tizimini isloh qilishga chaqirdi. Erdo‘g‘an G‘azo haqida so‘z ochar ekan, sektorda nafaqat bolalar, balki BMT tizimi ham o‘layotganini qo‘shimcha qildi.

“G‘azoda nafaqat bolalar, balki Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimi ham o‘lmoqda, haqiqat o‘lmoqda. G‘arb himoya qilmoqchi bo‘lgan qadriyatlar o‘lib bormoqda. Insoniyatning adolatliroq dunyoda yashash umidlari birin-ketin so‘nib bormoqda. Men bu yerda aniq so‘rayman: Ey inson huquqlari tashkilotlari, G‘azodagilar va G‘arbiy Sohildagilar inson emasmi? Falastindagi bolalarning o‘qish, yashash va ko‘chada o‘ynashga haqqi yo‘qmi? Ey xalqaro matbuot tashkilotlari, Isroil jonli efirda o‘ldirgan, idoralari bosqinga uchragan jurnalistlar hamkasblaringiz emasmi? Ey Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi, G‘azo qirg‘inining oldini olish va bu zulm va vahshiylikka chek qo‘yish uchun nimani kutmoqdasiz?”, deydi Turkiya yetakchisi.

Erdo‘g‘an Isroil genotsidi haqida gapirishda davom etar ekan, G‘azo dunyoning eng katta ayollar va bolalar qabristoniga aylangani haqida xitob qildi. U G‘azoda deyarli 1 yildan buyon davom etayotgan qirg‘in oqibatida 41 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgani, 10 mingdan ortiq falastinlik bedarak yo‘qolib, 100 mingga yaqin odam yaralangani to‘g‘risidagi dahshatli raqamlarni ham eslatib o‘tdi. Uning qayd etishicha, og‘ir sharoitlarda o‘z burchini ado etayotgan 172 jurnalist ham Isroil qirg‘inining qurboni bo‘lgan. Hatto boshqalarning hayotini saqlab qolishga mas’ul bo‘lgan 500 nafar sog‘liqni saqlash xodimi ham o‘z hayotini muhofaza qilolmagan.

“Ochlik va tashnalik bilan kurashayotgan G‘azo xalqiga yordamga kelgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining 210 dan ortiq xodimi va insonparvarlik yordami xodimlari halok bo‘ldi. Isroil kuchlari 820 ta masjid va uchta cherkovga zarba berdi, ularga hatto urushda ham tegmaslik kerak. Ular o‘nlab shifoxonalar, yuzlab maktablar va bemorlarni olib ketayotgan 130 dan ortiq tez yordam mashinalariga zarba berdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomini BMT minbarida yirtib tashlash orqali uyalmay, butun dunyoga va barcha vijdon egalariga qarshi chiqdilar”, deydi Turkiya rahbari.

Erdo‘g‘an Falastin va Isroil masalasidan uzoqlashmagan holda bu yilgi Assambleyada Falastin vakillarini ko‘rganidan bag‘oyat xursandligi va bu mazkur davlatning keng miqyosda tan olinishi bilan birgalikda BMTga a’zolik yo‘lida tashlangan katta qadam deb baholadi. Payshanba kuni Assambleyada Falastin davlati Prezidenti Mahmud Abbos ham nutq so‘zladi. U dunyoni Isroilni qurol-yarog‘ bilan ta’minlashni to‘xtatishga chaqirib, SAXALning bosqinchi kuchlari G‘azo sektorini yashash uchun yaroqsiz holga keltirganini aytdi. Mahmud Abbos o‘z nutqi davomida Amerika Qo‘shma Shtatlarini alohida ta’kidlab o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘azoda qirilayotgan begunohlar soni ortib borayotganiga qaramay, Vashington Isroilni har tomonlama himoya qilib, uni qurol-yarog‘ bilan ta’minlashda davom etmoqda.

“Bu jinoyatni to‘xtating. Bolalar va ayollarni o‘ldirishni bas qiling. Genotsidni to‘xtating. Isroilga qurol yuborishni bas qiling. Bu jinnilik davom eta olmaydi. G‘azo va G‘arbiy Sohildagi xalqimiz bilan sodir bo‘layotgan voqealar uchun butun dunyo mas’uldir”, dedi Falastin davlati rahbari Mahmud Abbos 

G‘azo sektoridagi jirkanch jinoyatlaridan so‘ng SAXAL mintaqa bo‘ylab navbatdagi qabristonni ochish arafasida. BMT Bosh kotibi Assambleyada aytganidek, bu ketishda Livanda jahannam eshiklari ochilishi mumkin. Sababi Isroil va “Hizbulloh” harakati o‘rtasida ortda qolgan kunlarda ziddiyatning yangi bosqichi boshlandi. Livanda 17 va 18 sentyabr kunlari bir qator aloqa qurilmalari portlashi oqibatida 3 yarim mingdan ortiq odam jarohatlanib, halok bo‘lganlar soni 37 nafarni tashkil qildi. Shundan so‘ng Isroil shimoliy yo‘nalishda harbiy amaliyotlar faollashganini e’lon qildi. 24-25 sentyabr kunlari sodir bo‘lgan hujumlarda 569 kishi, jumladan 50 bola va 94 ayol halok bo‘ldi va 1800 dan ortiq kishi jarohatlandi. Mazkur voqealar davom etayotgan bir paytda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish 24 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasidagi umumiy siyosiy muhokamada shu haqda so‘z ochib, “Livan tez orada ikkinchi G‘azoga aylanishi mumkin”, deya ta’kidladi. Bosh kotib Livan falokat yoqasida ekanini aytib, bugungi kunda dunyo o‘ziga xos “tornado” va juda muhim o‘zgarishlarni boshdan kechirayotganini tilga oldi.

“Sayyora qizidi, urushlar avj oldi, oxirida nima bo‘lishini esa bilmaymiz. Yadroviy kuch va qurollarning namoyishi qorong‘i soyaga o‘xshaydi. Biz o‘ylashni ham istamaydigan narsa tomon ketyapmiz: portlashga tayyor bo‘lgan bomba butun dunyoni yeb bitirishi mumkin”, deb ogohlantirdi Guterrish.

Isroil Livanga zarbalar berishi fonida mamlakat Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning BMT Bosh Assambleyasidagi nutqi bo‘lib o‘tdi. Netanyaxuning iddao qilishicha, uning Nyu-Yorkka qilingan tashrifining asosiy sababi, ba’zi dunyo yetakchilarining “yolg‘on va tuhmatli bayonotlari”ga javob qaytarishdir. Isroil harbiylarining G‘azo sektori, G‘arbiy Sohildagi harakatlari, shuningdek, qo‘shni davlatlarning chegara hududlarini o‘qqa tutgani haqida gapirar ekan, Netanyaxu Isroil ikkala guruh ustidan to‘liq g‘alaba qozonmaguncha, HAMAS va “Hizbulloh”ga qarshi kurashni to‘xtatmasligini aytdi. Isroil Bosh vaziri o‘z nutqining bir qismini Birlashgan Millatlar Tashkilotining o‘zini tanqid qilishga bag‘ishlab, uni “zulmat uyi”, “antisemit safro botqog‘i” deb atadi va BMTdan Isroilga boshqa davlatlar kabi munosabatda bo‘lishni talab qildi. Bosh Assambleyada qatnashgan bir qancha dunyo yetakchilari va bir qancha davlat vakillari Netanyaxuni tinglashdan bosh tortdi. Isroil Bosh vaziri minbarga chiqishi bilanoq ular norozilik sifatida majlis zalini tark etdi. Ammo shunday bo‘lishiga qaramay, Isroildagi repressiv rejim rahbarining so‘zini tinglovchilar topildi. U BMT minbaridan turib, Yaqin Sharqda, shu jumladan Eronda Isroil qo‘li yetmaydigan joy yo‘q, deya bayonot berib, mintaqaga jiddiy tahdid qildi. Deyarli butun dunyo G‘azodagi xunrezliklarni to‘xtatishni istayotgan bir paytda Netanyaxu o‘zining qirg‘in va genotsidi yakunlanmasligini barchaga imladi. Uning bu harakatidagi asosiy bahona HAMASning taslim bo‘lishi va harakat qo‘l ostida tutqunlikda qolayotgan asirlarni qaytarish bo‘lib turibdi. Shuni qayd etish joizki, qamal ostidagi Falastin hududida 2 yarim million aholining katta qismi, o‘tgan yil oktyabr oyidan buyon davom etayotgan Isroil bosqinchi kuchlarining qirg‘ini oqibatida uy-joyini tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Ularning ko‘pchiligi maktab binolari va boshqa fuqarolik ob’ektlaridan xavfsiz boshpana topgandi. Ammo bu joylar yakunda mazlum falastinliklar uchun xavfsiz bo‘lib chiqmadi. Genotsid va g‘ayriinsoniylikning ramziga aylangan Isroil bosqinchi kuchlari oddiy aholining mazkur lagerlarini ham nishonga olishda davom etdi. Inson o‘laroq bardosh berib bo‘lmas Rafahdagi vahshiylik, o‘z go‘daklarini vayronalar ostidan qidirayotgan onalar, ularning farzand dog‘i tufayli telbalarcha qichqirgan ovozlari, yangi tug‘ilgan egizak farzandlari uchun tug‘ilganlik guvohnomasi olishga ketib, qaytib kelgach ularning Isroil hujumi oqibatida o‘lganligi to‘g‘risidagi mash’um xabarni eshitgan ota. Bunday qonli ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin, ammo bu johillikning hali ham oxiri ko‘rinmayotgani bugun butun dunyoni tashvishga solmoqda. Ammo tashvishga tushish masalasida faqatgina o‘zini inson huquqlari himoyachisi sifatida ko‘rsatib keladiganlar mustasno. Mana bunisi esa rostdan ham ayanchli.

Oxiri ko‘rinmayotgan Rossiya bosqini

Rossiyaning Ukrainaga bosqini o‘zining uch bahori va kuzini qarshilab, to‘rtinchi bahoriga qarab odimlamoqda. Ammo urushning oxiri hali ham ko‘rinmayapti. Frontdagi holat esa yoz oylarida Ukraina Qurolli kuchlarining Rossiyaga tegishli Kursk viloyatida qurol ko‘targanidan buyon unchalik katta o‘zgarishlarga yo‘liqmadi. “New York Times”ning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya bosqini boshlangandan buyon har ikki tomon halok bo‘lgan va yaralanganlarni qo‘shganda, umumiy hisobda 500 mingdan ortiq yo‘qotishlarga uchragan. Shulardan Rossiya harbiylarining yo‘qotishlari 300 mingga yaqinlashib, ular ichidan 120 ming kishi halok bo‘lgan bo‘lsa, 180 minggacha askar jarohat olgan bo‘lishi mumkin. Ukrainada esa halok bo‘lganlar soni 70 mingga yaqin, yaradorlar bo‘lsa, taxminan 120 mingni tashkil qiladi. Ammo bu hozircha taxminlar xolos, chunki mojaro atrofidagi ikkala tomon ham allaqachon qurbonlar va yo‘qotishlar sonini ochiqlashni to‘xtatgan. Shunday og‘ir sharoitlarga qaramay, Zelenskiyga ko‘ra, Rossiya Ukraina yadroviy inshootlariga hujum qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bugun BMT Bosh Assambleyasida so‘z ochdi.

“Ukraina razvedkasi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Ukraina atom elektr stansiyalari va infratuzilmalarini energiya tizimidan uzib qo‘yish maqsadida ularga zarba berish rejalari haqida xabar berdi. Har qanday raketa yoki dron zarbasi, energiya tizimidagi har qanday muhim voqea yadroviy falokatga olib kelishi mumkin. Bunday kun hech qachon kelmasligi kerak. Moskva buni tushunishi kerak va bu qisman sizning tajovuzkorga bosim o‘tkazish qaroringizga bog‘liq”, deydi u.

U dunyo liderlari ichidagi o‘z hamkorlariga qo‘shimcha yordam so‘rab murojaat qildi. Zelenskiyga ta’kidlashicha, Rossiya bosqinidan o‘zini himoya qilayotgan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash ular uchun birinchi navbatdagi ustuvor vazifa bo‘lib qolishi kerak. Ukraina Prezidenti bosqin davomida Rossiya uning mamlakatidagi barcha issiqlik elektr stansiyalarini va mamlakatdagi gidroelektrostansiyalarning muhim qismini vayron qilgan. Shu bilan birga, Zelenskiy dunyo davlatlarini mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishda Kiyev tomonidan ishlab chiqilgan tinchlik formulasiga amal qilishga chaqirdi. U Rossiya bilan tinchlik muzokaralarini talab qilgan bir qator mamlakatlar, jumladan, Xitoy va Braziliyaning bu borada taklif qilgan konsepsiyalarini shubha ostiga oldi. Zelenskiy oldin ham mazkur masalaga to‘xtalganida, Lotin Amerikasi giganti va rasmiy Pekinni anchagina tanqid qilgandi. AQSHga qilgan ko‘p kunlik safari doirasida Ukraina Prezidenti faqatgina Assambleyada chiqish qilish bilan cheklanib qolmadi. U Assambleyadagi nutqidan oldin dastlab, Kongressining ikkala palatasi vakillari bilan ham uchrashuv o‘tkazgandi. U mazkur yig‘ilishning yakunlari bo‘yicha xulosasini o‘zining X tarmog‘idagi sahifasida bildirdi. Unga ko‘ra, Rossiyaning o‘z mamlakatiga qarshi urushi kelasi yil, 2025 yilda yakunlanishi mumkin.

“Hozirda qat’iy choralar Rossiyaning Ukrainaga bo‘lgan agressiyasini kelasi yili tugatishni tezlashtirishi mumkin. Bizning g‘alaba rejamiz amalda Rossiyani tinchlikka majburlashga yordam beradi”, deb yozdi Zelenskiy.

Ukraina Prezidenti BMT Xavfsizlik Kengashidagi nutqida Kiyevni Rossiya shartlari asosida Putin bilan muzokara o‘tkazishga ko‘ndirmoqchi bo‘lgan davlatlar vakillarini tanqid qildi. Zelenskiy BMT davlatlarini ushbu masala bo‘yicha birdamlikka va ikkinchi global tinchlik sammitiga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirar ekan, shunday davlatlardan ikki nafari Xitoy va Braziliyani alohida tilga olib, ularni sammitda ishtirok etishga taklif qildi. Shuningdek, u Eron va Shimoliy Koreyaga jiddiy ayblov yuklab, ularni Rossiya Federatsiyasining urushdagi “de-fakto sherigi” deb atadi. Zelenskiyga ko‘ra, mazkur ikki davlat tomonidan Rossiyaga yuborilayotgan qurollar ukrainaliklarni yo‘q qilmoqda va Putinga Ukraina xalqiga tegishli yerlarini o‘g‘irlashda yordam beryapti.

Adolat yuzini ko‘rmagan Xavfsizlik Kengashi

BMT ikkita asosdan tashkil topgan – Bosh Assambleya va Xavfsizlik Kengashi. Assambleya tashkilotga a’zo bo‘lgan barcha davlatlarni qamrab oladi. Adolat allaqachon tark etgan Xavfsizlik Kengashining tarkibi esa hammaga ma’lum. Kengashda doimiy bo‘lmagan 10 ta a’zosi va doimiy a’zolari AQSH, Buyuk Britaniya, Rossiya, Fransiya va Xitoy kabi davlatlar mavjud. Xavfsizlik Kengashi bor joyda Bosh Assambleya biror masala yuzasidan bir qarorga kelishi hech nimani anglatmaydi. Chunki rezolyutsiya qabul qilinishi uchun 193 ta davlatning ichida yetarli ovoz to‘plangan taqdirda, birgina Xavfsizlik Kengashi a’zosi tomonidan qo‘yilgan veto barcha sa’y-harakatlarni yo‘qqa chiqaradi. Ushbu veto huquqi tarkibi o‘zgarmas 5 ta davlat tomonidan monopoliya qilinganini hisobga olsak, adolat va mantiq bu tashkilot shtab-kvartirasiga tashrif buyurmaganiga ancha bo‘lganini anglash qiyin emas. Dunyodagi ko‘plab urush va mojarolar, qonli qirg‘inlarning eng tagida aynan shu veto huquqi yotadi. Nazoratning yo‘q bo‘lishida ham asosiy sababchilardan biri Xavfsizlik Kengashining noto‘g‘ri va adolatsiz tarzda tashkil etilganligidir. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik Kengashi – uning asosiy doimiy ishlovchi siyosiy organi hisoblanadi. BMT Nizomining 24-moddasiga binoan xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlab turish uchun asosiy javobgarlik aynan Xavfsizlik Kengashi zimmasiga yuklatilgan. Biroq shunday bo‘lsa-da, o‘tgan davr mobaynida Kengash a’zolari bo‘lgan AQSH va Buyuk Britaniya Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada, Rossiya esa Kavkazorti va Sharqiy Yevropada siyosiy beqarorlik va bir qancha mojarolarga sababchi bo‘ldi. Bundan tashqari Qo‘shma Shtatlar Osiyo-Tinch okeani mintaqasida bir qancha asossiz urushlarni keltirib chiqardi. Bu mojarolarda esa Xitoy va sobiq SSSRning o‘rnini ham alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Ayni damda o‘tkazilayotgan 79-sessiyada esa Vashington xalqaro hamjamiyatning uzoq yillik tanqidlari va ishonchsizligidan so‘ng, yer yuzi uchun o‘zidan kutilgan natijalarni taqdim qila olmagan BMT Xavfsizlik Kengashini hozirgi kunga mos tarzda isloh qilish tarafdoriga aylangandek go‘yo. Bu haqda juda qisqa siyosiy umri qolgan AQSHning amaldagi Prezidenti Jo Bayden 79-sessiyasidagi umumiy siyosiy muhokamalar doirasidagi minbarda so‘zlagan nutqida ma’lum qildi. Baydenning so‘zlariga ko‘ra, bu o‘zgarishlar “kechagi dunyoni emas, balki bugungi dunyoni aks ettirishi kerak”.

“Men birgalikda harakat qilishimizni xohlayman. Buning uchun biz kuchliroq, samaraliroq va keng qamrab oluvchi Birlashgan Millatlar Tashkilotini qurishimiz kerak. BMT moslashishi va yangi ovozlar va yangi istiqbollarni olib kelishi kerak. Shuning uchun biz BMT Xavfsizlik Kengashini isloh qilish va uning a’zolari sonini oshirish tarafdorimiz”. Davom etish vaqti keldi. Xavfsizlik Kengashi, xuddi Birlashgan Millatlar Tashkilotining o‘zi kabi, yana bir bor tinchlik o‘rnatish, urushlar va azob-uqubatlarni tugatish va eng xavfli qurollarning tarqalishini to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlarga erishishi kerak”, deydi u.

Shuni ham qayd etish joizki, AQSH Davlat departamenti rahbari Entoni Blinken ham 23 sentyabr kuni Vashington BMT Xavfsizlik kengashini isloh qilish bo‘yicha muzokaralarni zudlik bilan boshlash tarafdori ekanini aytdi. U Qo‘shma Shtatlar BMT Xavfsizlik Kengashi isloh qilingach, ikki Afrika davlati, Lotin Amerikasi va Karib havzasi davlatlariga kengashning doimiy a’zosi maqomini berish zarur deb hisoblashini bildirildi. Shuningdek, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an esa G‘azo sektorida deyarli bir yildan buyon davom etayotgan Isroil jinoyatlari BMTning islohotga muhtojligi va samarasizligining eng dramatik misoli ekanini ta’kidladi. U so‘nggi yillarda BMT o‘zining asosiy missiyasini yetarli darajada bajarmagani va hozirgi kunda yer yuziga “Dunyo beshdan katta” shiori bilan ifodalanadigan qadriyatlar tobora ko‘proq zarurligini alohida ta’kidlab, Xavfsizlik Kengashidagi 5 ta doimiy a’zo sonini ko‘paytirishga qaratilgan g‘oyani ilgari surdi.

Shunday qilib, BMTning 79-sessiyasi mana shunday og‘ir va o‘ta beqaror siyosiy jarayonlar fonida o‘tishga mahkum bo‘ldi. Salkam 80 yillik faoliyati davomida tashkilot so‘nggi yillarda o‘zining eng qiyin va tanazzul yoqasidagi davrini boshdan kechirmoqda. BMT Bosh kotibi 79-sessiya davomida aytgan so‘zlariga ko‘ra, “dunyodagi jazosizlik darajasining siyosiy izohi yo‘q; uni axloqiy jihatdan qabul qilib bo‘lmaydi”. Xalqaro huquq normalari, BMT Nizomi va xalqaro sudlar qarorlarini buzayotgan davlatlar soni kundan kunga ortib bormoqda. Bu esa Birinchi jahon urushidan keyin tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash bahonasida tashkil qilingan dunyo tarixidagi ilk xalqaro tashkilot Millatlar Ligasining zavolga yuz tutishi va ikkinchi jahon urushi boshlanish arafasidagi voqealarning ayni holda takrorlanishidan boshqa hech narsa emas. BMT ajdodi bo‘lgan Millatlar Ligasi bilan ham xuddi Gutterish aytgan voqeliklar, xususan, davlatlarning tashkilot asosiy tamoyillariga amal qilmasligi, xalqaro tartibga nisbatan bepisandlik kabi holatlar kuzatilganiga tarix guvoh. Bugun esa BMT ana shunday beparvolik va qoidalarni sariq chaqaga ham ilmaslik kabi haqoratomuz munosabatni boshdan kechirmoqda. Uning hozirgi holati Ikkinchi jahon urushi boshlanishidan oldingi Millatlar Ligasiniki bilan juda ko‘p o‘xshashliklarga ega bo‘lib bormoqda.


Maqola muallifi

Teglar

BMT Isroil Livan G'azo HAMAS Hizbulloh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing