“BTI”lar o‘rnida yangi organ tashkil etildi

Jamiyat

image

Har bir viloyatdagi “Yermulkkadastr” davlat korxonasi, ularning tuman (shahar) filiallari haqida eshitmagan yoki ularga ishi tushmagan odam deyarli bo‘lmasa kerak. Xalq tilida “BTI” deb ataladigan tashkilotning nomi oxirgi o‘n yilliklarda bir necha bor o‘zgarsada, uning odamlar orasidagi nomi deyarli o‘zgarmadi. To‘g‘ri, ular faoliyatiga zamonaviy texnologiyalar joriy etildi, davlat xizmatlari markazlari orqali xizmat ko‘rsatishga o‘tildi, odamlar uchun qanchadan qancha qulayliklar yaratildi. Lekin ularning asosiy faoliyati haliyam o‘sha-o‘shaligicha qolayotgan edi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan ushbu korxonalar negizida Davlat kadastrlari palatasi tashkil etilmoqda. Ushbu palataning oldingi korxonalar ish uslubidan eng asosiy farqi – bu ko‘chmas mulkka kadastr yig‘majildini tayyorlash va uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bitta idora shug‘ullanmaydi.

Endilikda Davlat kadastrlari palatasi va uning hududiy boshqarmalari faqat registratsiya bilan, registratsiya orqali olgan ma’lumotlari asosida davlat yer kadastri, binolar va inshootlar davlat kadastrini yuritish bilan, o‘zlari to‘plagan ma’lumotlarni vakolatlari organlardan olgan axborotlar bilan birlashtirib, Davlat kadastrlari yagona tizimini yuritish bilan shug‘ullanadi!

Ko‘chmas mulkka kadastr yig‘majildini tayyorlash, shu maqsadda uni texnik inventarizatsiyadan o‘tkazish vazifasini esa davlat tashkilotlaridan tadbirkorlik sub’ektlariga o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Fikrimizcha, tez orada tadbirkorlarga ushbu ishlarni amalga oshirish huquqini beruvchi hujjat ham qabul qilinsa kerak. Ungacha esa, Davlat kadastrlari palatasining tuman (shahar) filiallari bu vazifani bajarib turadi. Bozor o‘z egalariga topshirilgach bu filiallar ham bosqichma-bosqich tugatib boriladi va faqat olis, borish qiyin bo‘lgan hududlarda qoldiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

mulk kadastr

Baholaganlar

127

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing